O‘ldirilgan saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining jasadi Turkiyadan jomadonlarda chiqarib ketilgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda mamlakat mudofaa vaziri Xulusi Akar ma’lum qildi, deb yozadi Yeni Safak gazetasi.
“Ehtimol ular (ya’ni jinoyatda ayblanayotgan Saudiya Arabistoni fuqarolari) Qoshiqchining bo‘laklarga bo‘lingan jasadini jomadonlarda o‘zlarining diplomatik daxlsizligidan foydalanib, hech qanday muammolarsiz yashirincha chiqarib ketgan”, — dedi u.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ayblanuvchilar Turkiyani jinoyat amalga oshirilganidan keyin taxminan to‘rt soat o‘tib tark etgan.
Turkiya hukumati Qoshiqchining o‘ldirilishi qasddan va shafqatsiz tarzda amalga oshirilganini ta’kidlamoqda. Konsulxona ichkarisidagi voqealar qayd etilgan audioyozuvga asoslangan holda, ular jurnalistni o‘limidan oldin qiynashganini, so‘ng boshini tanasidan judo qilishganini aytgan edi.
Izoh (0)