Yoshlar ittifoqi tomonidan Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ishlab chiqilgan yoshlar mehmonxonalari qurilishini tashkil etish rejasi tasdiqlanishi kutilmoqda. Bu haqda “Daryo”ga Yoshlar media markazi ma’lum qildi.
Mehmonxonalarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun ittifoqning “Yoshlar qurilish invest” kompaniyasi buyurtmachi etib belgilanadi. Bosh loyihachilar hamda bosh pudratchilar qonunchilikda belgilangan tartibda tanlov savdolari (tender) natijalari asosida aniqlanadi.
Yoshlar mehmonxonalarini qurish, rekonstruksiya qilish, jihozlash va faoliyatini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mablag‘lari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Yoshlar mehmonxonalari xostellarga tenglashtiriladi hamda amaldagi qonunchilikda hostellar uchun ko‘zda tutilgan davlat standartlari talablariga muvofiq faoliyatini olib boradi.
Yoshlar ittifoqiga xususiy investorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar yakunlari bo‘yicha investitsiya shartnomalarini tuzish orqali Yoshlar mehmonxonalarini qurish va faoliyatini amalga oshirishga ruxsat beriladi.
Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahar hokimliklari hokimliklari manzilli rejada belgilangan hududlarda yoshlar mehmonxonalarini qurish uchun shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq yer maydonlarini o‘rnatilgan tartibda ajratadi.
Izoh (0)