“O‘zavtosanoat” 16-oktabr kuni “UzAutoTrailer” zavodida yig‘ilgan yangi, gazda yuruvchi yuk avtomobili taqdimotini o‘tkazadi. Shuningdek, “KamAZ Asia center” bilan hamkorlik to‘g‘risidagi hujjatlar imzolanadi. Bu haqda AJ matbuot xizmatiga tayanib, “Turon 24” xabar bermoqda.
Taqdimotda “KamAZ” AJK va “O‘zavtosanoat” AJ rahbarlari ishtirok etadi.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda 10 tonnadan 36 tonnagacha yuk tashiy oladigan 11 turdagi “KamAZ” modellari bor. Ularning dvigateli quvvati 240-401 ot kuchiga ega va ekologik talablarga javob beradi.
Zavod yiliga 1,5 mingta yuk mashinasini ishlab chiqaradi. Kompaniya ishlab chiqarish quvvatini 5 mingtaga yetkazmoqchi. Bundan tashqari O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yuk mashinalarini Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlariga ham eksport qilish mo‘ljallanmoqda.
Shuningdek, “KamAZ” kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonning 12 ta viloyatida dilerlik va servis tashkilotlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Izoh (0)