O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati futbol muxlislari bilan yanada yaqin bo‘lish, mamlakatning istalgan chekkasidagi fuqarolar bilan jonli muloqot qilish, ularning fikr va mulohazalarini tinglash, takliflariga quloq tutish maqsadida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonovning qabulxonasi ochilganliginini e’lon qildi.
Har haftaning chorshanba kuni soat 11:00 dan 17:00 ga qadar O‘zbekistondagi har bir futbol muxlisi qabulxonaga tashrif buyurib, o‘zini qiziqtirgan mavzuda O‘FA 1-vitse-prezidentiga murojaat qilishi mumkin bo‘ladi. Qayd etilishicha, Umid Ahmadjonov qabulxonaga tashrif buyurgan har bir insonning murojaatini tinglab, o‘sha murojaat bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rilishini shaxsan nazorat qilib boradi.
Bu orqali esa o‘zbek futbolida uchrayotgan muammolar, kamchiliklar bartaraf etilib, futbolni yanada rivojlantirish, xolislik va shaffoflikni ta’minlash hamda oldinga qo‘ygan maqsadlarga erishish sari katta qadam tashlanadi, deyiladi xabarda.
Qabulxona manzili: Toshkent shahri, Islom Karimov ko‘chasi, 98/A. Telefon: (+998 71) 230 9058
Izoh (0)