Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning 17 yoshli o‘g‘li, respublika Xavfsizlik Kengashi kotibi lavozimini egallab turgan Adam Qodirov yangi mukofotga sazovor bo‘ldi. Bu haqda Ramzan Qodirov o‘zining Telegram kanalida xabar berdi.

Kichik Qodirov “Checheniston Respublikasi himoyachisi” medali bilan taqdirlangan. U ushbu mukofotni Checheniston ichki ishlar vaziri Aslan Irasxonovning qo‘lidan taktik o‘q otish bo‘yicha XII Ochiq chempionat g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimida olgan.
“Mening topshirig‘imga ko‘ra chempionat g‘oliblari va ishtirokchilarini taqdirlash tantanali marosimida CHR rahbarining yordamchisi, CHR Xavfsizlik Kengashi kotibi, Vladimir Vladimirovich Putin nomidagi Rossiya maxsus kuchlari universiteti kuratori Adam Qodirov ishtirok etdi. O‘z navbatida, Adam Qodirov CHR ichki ishlar vaziri Aslan Irasxonovning qo‘lidan “CHR himoyachisi” medalini oldi”, deyiladi xabarda.
Bundan avval Adam Qodirovga Checheniston Respublikasi Qahramoni unvoni va Axmat Qodirov ordeni - Chechenistonning eng oliy mukofoti ham berilgan.
Shuningdek, kichik Qodirovning mukofotlari orasida – “Daymexkan Siy” (“Vatan sharafi”) ordeni, "Islom diniga xizmat ko‘rsatgani uchun” I darajali ordeni, “Rossiya maxsus kuchlari universiteti rivojiga qo‘shgan hissasi uchun” I darajali medali, shuningdek, Rosgvardiya tomonidan “aksilterror operatsiyalarida ishtiroki uchun” topshirilgan “Jangovar xizmatlari uchun” medali bor. Dekabrda unga Kavkaz urushi davridagi chechen qo‘mondoni Imomat noibi Baysangur Benoyevskiyning ordenini abadiy saqlash uchun topshirishgan.
Bundan avval Checheniston rahbari Ramzan Qodirov va uning 29 nafar yaqin qarindoshi Rossiya–Ukraina urushi boshlanganidan beri jami 146 xil mukofot va faxriy belgilarni olgani xabar qilingandi.
Izoh (0)