Trampning ikkinchi prezidentlik davri huquqni muhofaza qilish sohasidagi bahsli qarorlar, ommaviy avf etishlar va boshqa keskin choralar bilan ajralib turmoqda. U amalga oshirayotgan cheklov va qarorlarning ayrimlari hatto AQSH Konstitutsiyasiga zid kelayotgani ta’kidlanmoqda. Bu haqda Politico nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, AQSHning Yevropadagi eng yaqin ittifoqchilari Tramp ma’muriyatining huquqni muhofaza qilish siyosati hamda Adliya vazirligi faoliyatidan jiddiy xavotir bildirmoqda. Yevropalik to‘rt nafar diplomat maxfiylik sharti asosida Amerikadagi adliya tizimi va huquqni muhofaza qilish siyosati borasida o‘z fikrlarini bildirgan.

Ularning tashvishlari immigratsiya, so‘z erkinligi, xalqaro narkotrafikka qarshi kurash kabi aniq masalalardan tortib, AQSH qonunchiligining yemirilishi ehtimoligacha bo‘lgan masalalarni qamrab olgan.
Yevropaliklarni ayniqsa Trampning “Chet ellik dushmanlar to‘g‘risidagi qonun”ga tayanib, mahbuslarni Salvadordagi qamoqxonalarga jo‘natishi larzaga solgan. Mazkur qonunga muvofiq, amerikalik bo‘lmagan jinoyatchilar o‘zlari hech qanday aloqasi bo‘lmagan davlatlarga yuborilishi mumkin. Diplomatlarga ko‘ra, bunday chora-tadbirlar Yevropa va xalqaro qonunlarga zid keladi.
Diplomatlar ta’kidlaganidek, huquqni muhofaza qilish borasidagi AQSH–Yevropa hamkorligi nafaqat ikki tomon uchun, balki global barqarorlik uchun ham beqiyos ahamiyatga ega.
Izoh (0)