Sobiq SSSR hududida 2018-yilning yanvaridan sentabrigacha iste’mol narxlari o‘sishi bo‘yicha Belarusning “BelaPAN” xususiy yangiliklar agentligi tomonidan o‘tkazilgan milliy organlar ma’lumotlari tahlili natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston birinchi o‘rinni egalladi, deb yozadi “Naviny.by”.
To‘qqiz oy yakunlariga ko‘ra, mamlakatda narxlar 8,1 foizga o‘sgan. Keyingi o‘rinlarda esa Ukraina (o‘sish — 5,6%), Tojikiston (3,8%), Estoniya (3,6%), Qozog‘iston (3,3%), Rossiya (2,5%), Latviya (2,4%), Litva (2%) va Gruziya (0,1%) joylashdi.
Ozarbayjon (pasayish — 0,1%), Moldova (0,4%), Armaniston (0,8%) va Qirg‘izistonda (1,1%) esa narxlar, aksincha, pasaydi.
Eslatib o‘tamiz, 2018-yilning 9 oyi mobaynida O‘zbekistonda inflyatsiya darajasiga ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy omillar orasida ayrim tovarlar narxlarining tartibga solinishi, kreditlash hajmining ortishi natijasida iqtisodiy jabhalarda investitsion va iste’mol talablarining kengayishi, inflyatsion taxminlarning o‘zgarishi, narxning mavsumiy o‘zgarishi, shuningdek, milliy valyuta qiymatidagi o‘zgarishlar sanab o‘tilgan edi.
Izoh (0)