Turkiyadagi qadimiy muzeylardan birida izlanish olib borayotgan Termiz davlat universitetining ilmiy tadqiqotchisi Jo‘rabek Cho‘tmatov Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali ibn al Hasan ibn Bashir al Hakim at-Termiziyning bugungacha “mafqud”, ya’ni “yo‘qolgan” deb kelingan asarini topdi. Asar Qur’ondagi Fotiha va Baqara surasining sharhiga bag‘ishlangan. Bu haqda Turon 24 xabar berdi.
Topilgan yangi qo‘lyozma Mavorounnahrda Qur’on sharhiga bag‘ishlangan ilk asar sifatida baholanmoqda. Hozirda mazkur asarni dunyo tadqiqotchilari e’tiboriga havola etish uchun arab tilida chop etish ishlari boshlangan. So‘ngra o‘zbek tilida nashrga tayyorlanadi.
Misrlik olim shayx Abdulfattoh Abdulloh Barakaning ta’kidlashicha, Termiziy to‘rt yuzdan ortiq kitob yozgan bo‘lib, ulardan oltmishga yaqini bizgacha yetib kelgan. Allomaning asarlari Parij, Qohira, Damashq, Iskandariya, Istanbul va London kabi shaharlardagi qo‘lyozmalar jamg‘armalarida saqlanadi.
Izoh (0)