O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasida 24—27-sentabr kunlari NATOning Birlashgan kuchlar qo‘mondonligi shtab-kvartirasi mutaxassislari tomonidan ruhiy va axborot amaliyoti mavzusida mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
O‘quv mashg‘ulotlari akademiyaning professor-o‘qituvchilari uchun o‘tkazildi. To‘rt kun davomida NATO Birlashgan kuchlar qo‘mondonligi mayori Uard Mishel-Tereze, podpolkovniklar Ruzich Drogan hamda Sivertsen Gunner ma’ruza qilib, mavzuga oid slaydlardan unumli foydalangan holda o‘qituvchilarning malakasini oshirish bo‘yicha zaruriy maslahatlar berdi.
Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasi ko‘plab xalqaro tashkilot va yetakchi xorijiy mamlakat armiyalarining ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, harbiy kadrlarning malakasini oshirish yo‘lida bu kabi o‘quv mashg‘ulotlarini muntazam tashkillashtirib keladi.
Ma’lumot uchun, Qurolli Kuchlar Akademiyasida NATOning “Multimedia burchagi” ham tashkil etilgan. Mazkur burchakdan o‘rin olgan qo‘llanma va kitoblar asosan rus va ingliz tilida bo‘lib, ularda qurolli kuchlarni qo‘llash strategiyasi va taktikasini yanada takomillashtirish, jangovar operatsiyalarni olib borishning xorij tajribalari haqida batafsil ma’lumotlar berilgan.
Izoh (0)