O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalari, shuningdek, gaz to‘ldirish stansiyalari texnik holatini to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazishga ko‘rsatma berdi. Bu haqda “Podrobno.uz” xabar bermoqda.
Shuningdek, tabiiy gazga ishlaydigan qozonxonalar, pechlar va boshqa jihozlar tekshiruvdan o‘tkaziladi. Bu yo‘nalishdagi ishlar uchun bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Achilboy Ramatov mas’ul etib belgilangan.
Inventarizatsiya natijalari bo‘yicha gazda ishlaydigan avtotransport vositalari, gaz to‘ldirish stansiyalari, qozonxonalar va boshqa jihozlardagi avariyalarning oldini olishga qaratilgan “yo‘l xaritalari” hukumat tasdig‘iga kiritiladi.
Eslatib o‘tamiz, 18-sentabr kuni Buxoro viloyati, Kogon tumani hududidan o‘tuvchi “G‘uzor—Buxoro—Nukus” A-380 avtotrassasining 201-kilometrida Isuzu avtobusida gaz balloni portlashi oqibatida 5 kishi halok bo‘ldi, 21 kishi jarohatlandi.
Izoh (0)