“Atlas bayrami” IV an’anaviy to‘qimachilik festivali tadbirlari doirasida Marg‘ilon hunarmandchilikni rivojlantirish markaziga UNESСO’ning maxsus sertifikati topshirildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizjon Ermatov xabar berdi.
O‘zbek ipak matolari atlas va adras to‘qish texnologiyasi UNESСO’ning insoniyat nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi.
O‘zbek shoyi matolari – atlas va adrasni tayyorlash Marg‘ilon qadimiy texnologiyasi UNESСO tomonidan Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha ilg‘or tajribalar reyestriga kiritildi.
Marg‘ilon azaldan atlas va adras tayyorlashning tarixiy markazi bo‘lib kelgan. Yo‘qolib borayotgan an’analarni tiklash va saqlash maqsadida 2007-yilda Marg‘ilonda hunarmandchilikni rivojlantirish markazi ochilgan bo‘lib, markaz atlas va adras matolarini tayyorlash texnologiyasini saqlash, rivojlantirish va ommaviylashtirish bilan shug‘ullanadi.
Bugungi kunda markaz ko‘magida shaharda atlas, adras, beqasam va shoyi to‘qish bilan 500 dan ortiq usta shug‘ullanadi. Ularga yordam beruvchi oila a’zolari va shogirdlari bilan hisoblaganda 3000 dan ortiq odam shu kasbda ishlaydi. Markaz ustalari qadimiy matolar va tabiiy bo‘yoqlarni, shuningdek, boshqa maktablar matolarini tiklashda faol ishtirok etmoqda.
Izoh (0)