Rossiyaning “Il” OAJ kompaniyasi bosh direktori maslahatchisi Vadim Kucherov Moskvada 77 yoshida kasallik oqibatida vafot etdi, deb yozadi “TASS”. U Rossiya aviasozligi rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shgan shaxs sifatida qayd etiladi.
Kucherov 1941-yil Rossiyaning Sverdlov viloyatida tug‘ilgan. Kuybishev aviatsiya institutida o‘qigan, so‘ng V.P. Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya-ishlab chiqarish birlashmasining uchish-sinov stansiyasida ishlagan. 1989-yilda ishlab chiqarish bo‘yicha bosh direktor o‘rinbosari, 1993-yilda — korxona bosh muhandisi etib tayinlangan. 1996-yilda esa V.P. Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya-ishlab chiqarish birlashmasining bosh direktoriga aylangan.
2007-yildan Vadim Kucherov “Il” OAJda bosh direktor o‘rinbosari — ishlab chiqarish direktori vazifasida ishlagan. 2013-yilda S.V. Ilyushkin nomidagi aviatsiya majmuasida bosh direktor o‘rinbosarining personal va ma’muriy boshqaruv bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlangan.
O‘zbekiston hukumati tomonidan “Mehnat shuhrati” ordeni, “Mehnat faxriysi” va “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sanoat ishchisi” faxrli unvonlari bilan mukofotlangan.
Izoh (0)