O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Misr Prezidenti Abdulfattoh Said Husayn Halil as-Sisi 4-sentabr kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatga keldi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kutib oldi.
Qisqa suhbatdan so‘ng Misr delegatsiyasi o‘zi uchun ajratilgan qarorgohga yo‘l oldi.
Tashrifning asosiy voqealari 5-sentabrga mo‘ljallangan. Shavkat Mirziyoyev va Abdulfattoh as-Sisining oliy darajadagi uchrashuvlarida O‘zbekiston – Misr hamkorligini rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilish, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashish rejalashtirilgan.
Muzokaralar yakunida davlat rahbarlarining qo‘shma bayonoti qabul qilinishi, O‘zbekiston bilan Misr o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, turizm, fan, ta’lim, madaniyat, sport sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishga qaratilgan hukumatlararo va idoralararo salmoqli hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.
Misr Prezidentining tashrifi doirasida Toshkent shahrida ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining biznes-forumi va kooperatsion birjasini o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan.
Izoh (0)