Joriy yil 29-avgust kuni soat 16:30 atrofida Namangan tumani, Qirg‘izqo‘rg‘on mahallasida yashovchi, oilali, 1991-yilda tug‘ilgan F.U. Mingbuloq tumani hududidagi Sirdaryo ko‘prigidan o‘zini suvga tashladi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat IIB matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ayol shu joyda xizmat olib borayotgan Mingbuloq tuman IIB huzuridagi qo‘riqlash bo‘limi xodimlari — safdor O.Sharopov va D.Usmonov tomonidan qutqarib qolinib, shifoxonaga yotqizildi.
Ushbu holat bo‘yicha tuman prokuraturasi tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Bu avgust oyining oxirgi o‘n kunligida qayd etilgan ikkinchi shunday holat bo‘ldi. 21-avgust kuni Namangan tumani, To‘sar mahallasida yashovchi, 1992-yilda tug‘ilgan B.O‘. turmush o‘rtog‘i bilan janjallashib, xonadonidan chiqib ketadi. U shu hududdan oqib o‘tuvchi Sirdaryo ko‘prigidan o‘zini pastga otmoqchi bo‘lganida ko‘prikda xizmat olib borayotgan Namangan tuman IIB qo‘riqlash bo‘limi xodimlari tomonidan to‘xtatib qolinadi.
Joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan ayol mahalla vakillari va oila a’zolariga topshirildi.
Izoh (0)