15-avgust kuni fuqaro R.X. Oʻzbekiston Respublikasi IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasiga ariza bilan murojaat qilib, unda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti xodimlari Yu.J. va A.Q. shu universitet magistraturasi “Ijtimoiy fanlar” fakultetining psixologiya yoʻnalishiga oʻqishga qabul qilish evaziga 2 000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni berishini talab qilayotganligini maʼlum qilgan, deb yozadi “Kun.uz”.
Oʻzbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabariga koʻra, mazkur arizaga asosan shu kuni Oʻzbekiston Respublikasi IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi hamda Toshkent shahar prokuraturasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti Ijtimoiy fanlar fakulteti dekan muovini boʻlib ishlovchi Yu.J. universitetning Fizika fakulteti binosida fuqaro R.X.dan 2 000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olgan vaqtida qoʻlga olingan. Yu.J. oʻzining jinoiy sherigi A.Q. (fakultet dekani - tahr.) bilan oʻzaro jinoiy til biriktirib, ushbu pullarni olganligi maʼlum boʻldi.
Ushbu holat yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “g” bandi (pora olish: bir guruh mansabdor shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, Yu.J. va A.Q. qamoqqa olingan.
Shuningdek, jinoiy guruhning boshqa aʼzolariga nisbatan ham tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)