Joriy yilning 15—17-avgust kunlari Xitoyning Pekin shahrida robototexnika bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo”ga Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Konferensiya doirasida maktabgacha ta’lim muassasalari va umumta’lim maktablari o‘quvchilarining robototexnika loyihalari tanlovi ham tashkil etildi. Tanlovda jahonning 20 dan ziyod mamlakatidan 350 dan ortiq bola ishtirok etdi. O‘zbekistonlik Sitora Islamova (2006-yilda tug‘ilgan) va Artem Dolganovskiy (2012-yilda tug‘ilgan) “Ijod” yo‘nalishining “Shahar” nominatsiyasida oltin medal va “Oltin sovg‘a” kubogini qo‘lga kiritdi.
Ularning “Robot-ofitsiant”i mehmonlarga o‘zbek noz-ne’matlari va shirinliklarini yetkazib berish mahoratini ko‘rsatgan bo‘lsa, ikkinchi robot “Andijon polkasi” raqsini ijro etib, yig‘ilganlar e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Hay’at baholashda kreativ dizayn, robotning barqarorligi, buyruqlarni aniq bajarish qobiliyati kabi mezonlarga tayandi. Shuni qayd etish joizki, o‘zbekistonliklar tanlovda ishtirok etgan Markaziy Osiyo mintaqasidan yagona jamoa hisoblanadi.
Xitoydan qaytib kelgan Sitora Islamova va Artem Dolganovskiy 30-noyabr — 1-dekabr kunlari Tailandda o‘tkaziladigan neyrotexnologiyalar va robototexnika bo‘yicha xalqaro tanlovga tayyorgarlik ishlarini boshlab yuborgan. Toshkent shahar hokimligi jamoaga barcha zarur sharoitlarni yaratib beradi.
Ma’lumot uchun, shahar hokimligi tomonidan Turin politexnika universitetida bolalar bog‘chalari tarbiyachilari va pedagoglar uchun robototexnika kurslari tashkil qilib kelinmoqda.
Izoh (0)