O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati mamlakat OTMlariga noqonuniy o‘qishga kirishni tashkil qilish bilan shug‘ullangan bir nechta jinoiy guruhlarni fosh qildi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanali syujetida aytiladi.
Xususan, bunday guruhlardan biri Toshkent davlat moliya institutining yetti nafar talabasidan iborat bo‘lgan. Tashkilotchi ular uchun o‘qishga kirishda zarur bo‘ladigan qalbaki hujjatlarni tayyorlab bergan. Ular abituriyentlarning o‘rniga imtihonga kirib, ular uchun testlarni ishlab berishi kerak bo‘lgan. Ularga har bir abituriyent uchun 2 ming dollardan va’da qilingan.
Bundan tashqari, Toshkent davlat texnika universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish uchun 7 ming dollar pora olgan shaxs ham qo‘lga tushdi. U o‘z sherigi bilan birga haqiqiy abituriyentning o‘rniga imtihon topshirishi kerak bo‘lgan Toshkent davlat moliya instituti talabasini yollagan.
Shu va boshqa jinoiy guruhlar haqida batafsil reportajda hikoya qilinadi.
Izoh (0)