Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Qatar tashqi ishlar vazirligining Osiyo ishlari bo‘yicha departamenti boshlig‘i Xolid Ibrohim al-Hamar rahbarligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qatarning yetakchi vazirlik va idoralari, iqtisodiy tuzilmalari rahbarlaridan iborat nufuzli delegatsiyasi 16-iyul kuni mamlakatga keldi va O‘zbekiston hukumati delegatsiyaning 2018-yil 2—4-iyul kunlari Doha shahriga safari chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishning keng ko‘lamli masalalarini muhokama qilmoqda.
Tashqi ishlar vazirligida bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar, sayyohlik va boshqa sohalarda O‘zbekiston—Qatar kun tartibidagi dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha qo‘shma hukumatlararo komissiyani tuzish va ishga tushirish, Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning ikkinchi raundini o‘tkazishga roziliklarini tasdiqladi.
O‘zbekiston rahbariyati Qatar fuqarolari uchun ham uchinchi davlatga tranzit orqali ketayotganda mamlakat hududida 5 kun vizasiz bo‘lish imkoniyati yaratilgani Qatarda mamnuniyat bilan qabul qilindi.
Qatar delegatsiyasiga 2018-yil 6—10-sentabr kunlari Shahrisabzda bo‘lib o‘tadigan birinchi xalqaro maqom san’ati forumiga taklifnoma taqdim etildi.
Uchrashuvda, shuningdek, ayrim xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Afg‘onistondagi xalqaro konferensiya ishtirokchilari tomonidan ma’qullangan Toshkent deklaratsiyasini amalga oshirishda O‘zbekiston—Qatar hamkorligiga ijobiy baho berildi va bu yo‘nalishda sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishga kelishib olindi.
Izoh (0)