Xitoy bosh vaziri Li Syan sun’iy intellekt (SI) xavfsizlik bilan muvozanatlashishi zarurligini ta’kidlab, xalqaro hamjamiyatni bu borada hamkorlikka chaqirdi. Bu haqda Daily Sabah xabar berdi.

Vazir bu taklifini Shanxayda bo‘lib o‘tayotgan “Jahon sun’iy intellekt konferensiyasi”da (WAIC) ma’lum qilgan. Oldinroq AQSH prezidenti Donald Tramp “SI sohasida tartibga solishni kamaytirish strategiyasi”ni ilgari surgandi. Xitoy rasmiysi aynan shu sabab ham global kelishuvga erishish muhimligini aytmoqda. Li shuningdek, Shanxayda yangi xalqaro SI tashkilotiga asos solinishini ma’lum qilgan.
Konferensiyada ishtirok etgan Nobel mukofoti sovrindori, fizik Jeffri Xinton SI’ni “yoqimtoy yo‘lbars bolasi”ga qiyoslab, uni ehtiyotkorlik bilan boshqarish zarurligini ta’kidlagan.
Li Syan ushbu hamkorlik doirasida Xitoyning SI yutuqlarini rivojlanayotgan davlatlar bilan bo‘lishishga tayyor ekanini bildirgan. Bu bilan vazir texnologiyani bir necha davlat va kompaniyalar monopoliyasi ta’siri ostida qolishiga qarshilik qilishni maqsad qilgan.
Bu orada AQSH ilg‘or chiplar eksportini cheklab, Xitoyning SI sohasidagi rivojlanishini susaytirishga harakat qilmoqda. Konferensiyada nutq so‘zlagan Li Syan SI rivojida chip yetishmovchiligi katta muammo ekanini qo‘shimcha qilgan. Tadbirda onlayn ishtirok etgan BMT bosh kotibi Antonio Guterrish esa SI boshqaruvi xalqaro hamkorlik uchun “hal qiluvchi sinov” ekanini bildirgan.
Bundan oldin fevral oyida Parijda o‘tgan shu kabi sammitda 58 ta mamlakat SI boshqaruvida hamkorlik qilish tashabbusi bilan chiqqan edi. Ammo AQSH va Buyuk Britaniya “ortiqcha tartib” tizimiga qarshilik ko‘rsatgan.
Izoh (0)