Somali poytaxti Mogadishodagi ikki portlash oqibatida kamida 10 kishi halok bo‘ldi, yana bir necha kishi tan jarohati olgan, deya xabar bermoqda “RIA Novosti”.
Xabar berishlaricha, Mogadishodagi prezident saroyi oldida ichiga portlovchi uskuna o‘rnatilgan avtomobil portlagan. Portlashdan so‘ng Somali xavfsizlik kuchlari va prezident saroyiga bostirib kirishga uringan jangarilar o‘rtasida otishma kelib chiqqan. Ko‘p o‘tmay, saroy oldida ikkinchi avtomobil portlatilgan.
Harbiylar va jangarilar o‘rtasidagi otishma taxminan bir soatga yaqin davom etgan. Kamida uch nafar jangari yo‘q qilingan. Qayd etishlaricha, ushbu hujum uchun javobgarlikni “Ash-Shabob” terrorchilik tashkiloti o‘z zimmasiga olgan.
Somalida faoliyat yurituvchi “Ash-Shabob” guruhi “Al-Qoida” xalqaro terrorchilik tashkiloti bilan yaqindan hamkorlik qiladi. U Somali markaziy hukumatiga qarshi kurashib, BMTning hududdagi gumanitar faoliyatiga xalal berishga harakat qiladi.
Mazkur guruh 2008-yili AQSh hukumati tomonidan terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatiga kiritilgan.
Izoh (0)