Rossiya prezidenti Vladimir Putin amerikalik hamkasbi Donald Tramp bilan telefon orqali muloqoti chog‘ida uning Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuvini Moskvada o‘tkazishni taklif qildi. Bu haqda xabardor manbalarga tayanib, AFP xabar berdi.

Tramp 18-avgust kungi uchrashuv vaqti kutilmaganda Ukraina va Yevropa delegatsiyalari bilan muzokaralarni to‘xtatib, Rossiya prezidentiga qo‘ng‘iroq qilgandi.
“Putin 18-avgust kungi suhbatda Moskvani tilga oldi”, dedi manbalardan biri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha paytda Zelenskiy bunga rad javobini bergan. Putin dastlab Ukraina prezidenti bilan uchrashishni, shundan so‘ng Tramp ishtirokida uch tomonlama muzokaralar o‘tkazishni taklif qilgan. Zelenskiy bunga tayyorligini bildirib, hududiy masalalar muhokama qilinishini ta’kidlagan.
Hozircha Kreml Rossiya rahbari ukrainalik hamkasbi bilan uchrashishga tayyorligini tasdiqlamadi. Putinning yordamchisi Yuriy Ushakovga ko‘ra, Rossiya tomoni muzokaralarda faqat “Moskva va Kiyev vakillari darajasini oshirish imkoniyatini o‘rganishga” tayyor.
Hozirda Jeneva va Rim uchrashuv uchun potensial maydonlar sifatida ko‘rib chiqilmoqda. Shveysariya variantini Fransiya prezidenti Emmanuel Makron taklif qilgandi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi agar Putin uchrashuv uchun kelsa, hibsga olmaslikka va’da bergan. Sababi Xalqaro jinoiy sud (XJS) yurisdiksiyasiga amal qilayotgan davlatlar Rossiya prezidenti ularning hududiga kelsa, hibsga olishi kerak.
Ta’kidlanishicha, Rossiya tomoni Jenevani, Tramp va Zelenskiy esa Rimni afzal ko‘rmoqda. Reuters suhbatdoshlari sammit Vengriyada bo‘lib o‘tishi mumkinligini ma’lum qilgan. Uchrashuvni yaqin ikki hafta ichida tashkil etish rejalashtirilgan.
Tramp Ukraina prezidentini Putin bilan ehtimoliy muzokaralarda “moslashuvchanlik ko‘rsatishga” chaqirmoqda. Shuningdek, Ukraina NATOga a’zo bo‘lmasligini, chunki bu masala Moskvaga hatto “Putindan oldingi davrlardanoq” taqiqlangan mavzu hisoblanishi ta’kidlangan.
Izoh (0)