Rajab Toyyib Erdo‘g‘on qasamyod qildi va yana bir bor Turkiya prezidentligi lavozimiga kirishdi. Marosim Anqara shahridagi parlament binosida bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Korrespondent.net” xabar berdi.
Qasamyod marosimidan keyin Erdo‘g‘on “Hammasi butun xalqning ko‘z oldida ajoyib o‘tdi. Umid qilamanki, bundan buyon Turkiyada hammasi yaxshi ketadi”, — deb ta’kidlagan.
Keyin esa Erdo‘g‘on Turkiya Respublikasi asoschisi Mustafo Kamol Otaturk maqbarasiga yo‘l olgan va u yerda yodgorlik poyiga gulchambar qo‘ygan.
Shu bilan birga, Turkiya boshqaruv shaklini o‘zgartirib, parlamentar respublikadan prezidentlik respublikasiga aylandi.
Bugun Turkiya vazirlar mahkamasining yangi tarkibi e’lon qilinishi kutilmoqda. Mamlakat hukumatida vazirlar soni 21 kishidan 16 kishiga qisqaradi, bunda ba’zi idoralar birlashtiriladi. Shuningdek, bosh vazir lavozimi tugatiladi.
Turkiyada joriy yilning 24-iyun kuni muddatdan avval prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi. Unda 52,5 foiz ovoz bilan Rajab Toyyib Erdo‘g‘on g‘olib chiqdi. Uning asosiy raqobatchisi Muharram Inji 31,5 foiz ovoz to‘pladi.
Izoh (0)