Xiaomi kompaniyasi shu oy Mi Max smartfonlarining yangi avlodi — Xiaomi Mi Max 3 va uning “pro” versiyasini taqdim etishi kutilmoqda, deb yozadi Hi-Tech Mail.Ru.
Yaqinda Xiaomi bosh direktori Ley Szyun internetga qurilma qutisining suratini joylagan edi, endi esa Mi Max 3 ning displeyi surati, shuningdek, Mi Max 3 Pro haqidagi ba’zi ma’lumotlar tarqaldi.
Suratga qaraganda, displeyning tepa qismida hech qanaqa “qosh” bo‘lmaydi, ammo u 18:9 nisbatli romsiz ekranga ega bo‘ladi. Mi Max 3 ning o‘lchamlari 176,15×87,4×7,99 mm, og‘irligi 221 grammga teng bo‘ladi. Shu tariqa, bizni 6,9 dyuymli va 2160×1080 pikselli Full HD+ displeyli “ulkan” telefon kutmoqda. Fabletga 1,8 GGs chastotali chip o‘rnatiladi, u Qualcomm Snapdragon 636 bo‘lishi taxmin qilinmoqda.
Mi Max 3 har biri 12 megapikselli qo‘sh kamera, 5 yoki 8 megapikselli old kamera, 5400 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlanadi. “Pro” versiyasiga mish-mishlarga ko‘ra, Snapdragon 710 chipi, 6 gigabaytgacha tezkor va 128 gigabaytgacha doimiy xotira o‘rnatiladi, boshqa jihatlardan gadjetlar bir xil. Mi Max 3 ning narxi 1699 yuan (taxminan 250 dollar) bo‘lishi taxmin qilinmoqda.
Izoh (0)