Malayziya hukumati Kelantan shtatida yashovchi va 11 yoshli tailandlik qizni xotinlikka olgan imomga nisbatan tekshiruv boshladi, deb yozadi South China Morning Post.
41 yoshli Che Abdul Karim Che Abdul Hamid musulmon qizlar 16 yoshga to‘lganidan keyin turmush qurishi mumkinligi haqidagi qonunni buzgan. Erkakning ikki xotini va olti farzandi bor.
Imomning o‘zi, shuningdek, qizning otasi da’vo qilishicha, ular qiz 16 yoshga to‘lguncha ota uyida qolishi haqida kelishib olgan. Imom qizni xotinlikka olish haqida birinchi marta so‘raganida uning yoshini pesh qilib rad javobi berishgan, ammo u qattiq turib olib, kelinni u voyaga yetganidan keyin uyiga olib ketishni taklif qilganidan keyin rozi bo‘lishgan.
To‘y Tailandda bo‘lib o‘tgan, nikoh marosimi suratlarini imomning xotinlaridan biri internetda tarqatgach, tekshiruv boshlangan. Che Abdul Hamid aybdor deb topilsa, olti oyga qamalishi yoki 247 dollar jarimaga tortilishi mumkin.
Izoh (0)