Qozog‘istonning Astana Motors kompaniyasi raisi Nurlan Smag‘ulovning bergan ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekistonda Hyundai avtomobillarini sotish yo‘lga qo‘yiladi, deb yozmoqda “Kommersant.uz”.
“Biz Hyundai’ning O‘zbekistondagi distributsiyasini (mahsulotni ishlab chiqaruvchidan iste’molchiga yetkazish) zimmamizga oldik. Yirik iqtisodiyoti, katta aholisi bo‘lgan qo‘shni mamlakatga kirib kelish va u yerda Janubiy Koreyaning eng nufuzli brendini taqdim qilish — katta mas’uliyat”, — dedi Smag‘ulov Forbes Kazakhstan nashriga bergan intervyusida.
Astana Motors O‘zbekistonning eksport uchun o‘z chegaralarini ochishini bir necha yillardan buyon kutib kelmoqda. Kompaniyaning mashinalarni yig‘ish zavodi avval boshidan qo‘shni mamlakatlarga avtomobil eksport qilishni mo‘ljallab qurilgan. 2017-yil kuzda O‘zbekistonda tadbirkorlik sohasini isloh qilish boshlangan. Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar uchun aksiz solig‘i ularning bojxona narxining 2 foizi miqdorigacha kamaytirilgan. Hyundai’ning aynan qaysi modellari sotilishi hozircha ma’lum qilinmagan.
Avvalroq Namanganda Hyundai yuk mashinalari va avtomobillari, shuningdek, maxsus transport vositalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi xabar qilingan edi.
Astana Motors Qozog‘iston bozorida 11 ta avtomobil brendining (Hyundai, Subaru, BMW va MINI, Rolls-Royce, Toyota, Lexus, Jaguar Land Rover, Volvo va boshqalar) vakili sifatida faoliyat olib boradi.
Astana Motors mashinalari allaqachon Rossiyada sotiladi, keyinchalik MDHning boshqa mamlakatlari bilan ham hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kutilmoqda.
Izoh (0)