O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Azim Ahmadxo‘jayev bilan mamlakat iqtisodiyotida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining o‘rni va roli hamda biz qanday qilib Markaziy Osiyo AKT sohasidagi yetakchi mamlakat bo‘la olishimiz haqida suhbat.
Tayinlov
Men uchun yangi lavozimga tayinlanishim biroz kutilmagan holat bo‘ldi. Meni bunga tayyorlashmadi, hech kim menga “Seni yaqinda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri etib tayinlashadi”, deb aytmadi.
Biz o‘sha payti jamoam bilan Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasini isloh qilish bilan shug‘ullanayotgan edik. Ishga ancha mehnat va asablarimizni sarfladik va biz, bizning tushunchamiz bo‘yicha, yaxshi strukturaga chiqdik. Uning tasdiqlanishiga hozirlik ko‘rilayotgan edi. Va shu paytda menga “Prezident sizni yangi lavozimga tayinlash bo‘yicha qaror qabul qildi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari vazirligini isloh qilish kerak. Tizimni o‘zgartira oladigan menejer, chetdan odam kerak. Chunki sohada boshqa rakursdan boshqa nigoh bilan qarash kerak bo‘lgan bir joyda qotib qolish, eski yondashuvlar, shakllanib qolgan stereotiplar mavjud bo‘lib, ularni o‘zgartirishga harakat qilish kerak.
Haqiqatdan sohada yechimini kutayotgan masalalar talaygina.
Ilk qadamlar
Tan olib aytaman, ish faoliyatimning uch kuni mobaynida tushkun kayfiyatda yurdim. Men uchun bu soha biroz, hatto undan ham ko‘proq, begona edi. Umuman boshqa soha. Meni har doim texnikaga qiziqqanim qutqardi, bu sohada “zaif” emasman, tajribali kompyuter foydalanuvchisiman, dasturlash haqida boshlang‘ich bilimlarga egaman, kompyuterlarni yig‘ib tera olaman. Men uchun bu muammo emas. Bu qiyinchiliklari bo‘lsa-da, men yaxshi ko‘radigan yo‘l.
Men bu yerda uzoq yillardan beri ishlayotgan mutaxassislar, sohaning yetakchilari bilan muloqot qila boshladim. Sekin-asta vazirlikda kechadigan jarayonlar, asosiy hamda ikkinchi darajali yo‘nalishlar bilan tanisha boshladim. Ijtimoiy tarmoqlarda vazirlik haqida nimalar deyishlarini, qaysi muammolar odamlarni tashvishga solishini, qaysi xizmatlardan ularning ko‘ngli to‘qligi va qaysilaridan norozi ekanliklarini o‘rgana boshladim. Vazirlik ichkarisida nimalar yuz berayotgani va uni foydalanuvchi qanday qabul qilayotganini tushunishga harakat qildim.
Mening fikrimcha, kadrlarni to‘g‘ri tayyorlamasdan bu soha mavjud bo‘lish huquqiga ega emas. U kerak emas.
To‘rt foiz
Biz o‘z oldimizga yetarli darjada murakkab vazifa qo‘ydik: Axborot texnologiyalari foizini mamlakat yalpi ichki mahsulotida 4 foizga yetkazish. Buning uchun kadrlarni safarbar etish, hozirda faoliyat yuritayotgan mutaxassislarni saqlab qolish va yangilarini tarbiyalash zarur.
Shuning uchun e’tibor avval boshidanoq tizimning ta’lim yo‘nalishiga qaratilgan.
Isloh qilishning dastlabki, asosiy bosqichi men uchun ta’lim sohasidagi islohot bo‘ldi. Vazirlikka qoshidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU), shuningdek Toshkent shahridagi Inha universiteti, qayta tiklangan axborot texnologiyalari yo‘nalishidagi fanlarni chuqurlashtirilgan tartibda o‘rgatishga ixtisoslashtirilgan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maxsus maktab. Ushbu maktabga davlat rahbari alohida e’tibor qaratmoqda.
Mening tushunishimcha, kadrlarni to‘g‘ri tayyorlaydigan tizimga ega bo‘lmagan soha umuman mavjud bo‘lishga haqqi yo‘q. Bunday sohaning keragi ham yo‘q. Meni TATUdagi kadrlar tayyorlash darajasi umuman qoniqtirmaydi. U yerda nazariya yaxshi o‘rgatiladi, biroq amaliyot yo‘q. Talabalar o‘rganayotgan bilimlarini hech qayerda qo‘llay olmaydi. Keyinchalik, hayot ularni tajriba bilan yuzlashtirganda esa moslashish jarayoni qiyin kechadi. Hech bo‘lmaganda ular boshlang‘ich darajadagi amaliyotni o‘tashlari kerak. Birinchi kursdan nazariyani amaliyot bilan bog‘lash kerak. Robototexnika, tarmoqlar qurish, dasturlash, maxsus laboratoriya sinflari bo‘lishi kerak. TATUda ular sekin-asta yuzaga kelmoqda, biroq biz istaganimizdek tez emas.
Moliyalashtirish
Bularni hammasi mablag‘ masalasiga tegishli. Vazirlik budjeti uyali aloqa kompaniyalari budjetga ajratmalari hisobiga, davlat aloqa inspeksiyasi tomonidan undiriladigan jarimalar, litsenziyalar berish va boshqa manbalar hisobiga shakllantiriladi. Budjet yetarli darajada, biroq, bizning uzoqni ko‘zlovchi “ajdar”dek rejalarimiz tezroq amaliyotga tatbiq etilishini istaymiz va shuning uchun budjetni ko‘paytirishni xohlagan bo‘lardik.
Buning uchun resurslar zarur. Shuning uchun men o‘zim bilan bankirlar jamoasini olib keldim. Ular men yuqorida aytib o‘tgan hamma pullar jamg‘ariladigan fondlarni boshqaradi.
Ular barcha resurslarni foyda keltiradigan tarzda taqsimlashga urinmoqda.
Bankirlar masalalarni “ildizigacha” o‘rganish, qurilish smetalari, investitsion loyihalar, resurslarni joylashtirish kabi maqsadlarda jamg‘arilgan mablag‘lardan unumli foydalanish uchun sarmoyalar boshqarmasiga ham olib keldim. Mablag‘lardan bekor va samarasiz foydalanish bo‘yicha ko‘plab holatlar aniqlandi.
Biz pul pulni chaqiradigan va soha rivoji uchun ishlaydigan tizimni yaratamiz.
Biz axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga berilayotgan topshiriqlarni diqqat bilan o‘rganib chiqamiz va keraksiz xarajatlarga olib keladigan vazifalarni o‘z zimmamizga olmaslik uchun protokol tayyorlashda ishtirok etishga harakat qilamiz.
Hamfikrlar jamoasi menda bor: bular vazirlikning xodimlari hamda mening taklifimga binoan ishga kelganlar. Vazirlikda ishlashga kuchli kadrlar, xususan xususiy biznesda faoliyat yuritganlarni ham jalb qilmoqdamiz. Bugun biznesdan kelgan bunday mutaxassislar vazirlikning barcha bo‘limlarida talaygina.
Ular oylik maoshi uchun emas, sohada jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishi uchun kelishgan.
Mirzo Ulug‘bek innovatsiya markazi
Axborot kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ishlayotgan yoshlarni hamda bu sohada ishlashga harakat qilayotganlarni ko‘rib, biz Markaziy Osiyo hududida kuchli kadrlar jihatidan eng qudratli salohiyatga egamiz, deb hisoblayman. Ularga shunchaki, hali talab bo‘lgan emas. Shuning uchun bugungi kunda 326 rezidentni birlashtirgan Mirzo Ulug‘bek innovatsiya markazi qisqa muddat ichida xizmatlar eksportyori darajasiga chiqdi. 2018-yilda 12 million atrofida daromad ko‘ramiz. Bu kam, ammo biz hali yo‘l boshidamiz.
Mirzo Ulug‘bek innovatsiya markazi doirasida soliqlardan ozod etilganligi insonlarni yaratishga undaydi. Biz o‘z doiramizni kengaytirganimizda, sifatli platforma yaratganimizdagina biz u yoki bu kompaniyadan olgan daromadlarimiz haqida gapirishimiz mumkin.
Boshqaruvning yagona tizimi
Barcha vazirliklar hujjat aylanishining 2017-yil 1-dekabrda ishga tushirilgan yagona umumuy tizimi “E-ijro”da ishlaydi.
Ijro intizomini bu bosqichda Hisob palatasi tomonidan nazorat qilinadi. Tizimga kirib, istalgan davlat mansabdor shaxsining qanday ishlayotganini ko‘rish mumkin.
Intizomni bajarishning yagona tizimiga umumiy foydalanuvchilari soni 15 mingdan ortiq bo‘lgan 300 dan ko‘proq tashkilot ulangan. Qog‘ozbozlikka ketadigan vaqt sezilarli darajada qisqardi. O‘zim barcha topshiriqlarni ushbu dasturda yarataman. Biz qog‘oz kartotekalardan uzoqlashdik va topshiriqlarni bajarish muddatini nazorat qila olamiz. Hujjatlarning qog‘oz versiyalariga deyarli qaramayman. Bundan tashqari, muddatlar aniq belgilab qo‘yilgan. “Svetofor” tizimi mavjud. Agar u yoki bu bo‘lim belgilangan vaqtdan kechiksa, tizim bu haqda menga xabar beradi. Vazir yoki uning o‘rinbosarlari nima uchun bunday bo‘layotganini o‘rganib, tegishli chora ko‘rishi mumkin. G'urur bilan aytishim mumkinki, barcha vazirlik va tashkilotlar ichida ijro intizomini bajarish bo‘yicha biz birinchi o‘rinda turamiz.
Dastur test rejimida ishlamoqda. Uni takomillashtirmoqdamiz, qo‘shimcha modullar yaratmoqdamiz, umuman olganda tizim ishlayapti, biz undan foydalanyapmiz.
Vazirlik tizimini o‘zgartirish, uning tuzilmasini qayta tashkil etish ustida ishlayapmiz. Hozircha hujjat aylanishni to‘laligicha vazir va vazir o‘rinbosarlari qamrab olgan. Departamentlar rahbarlari ham mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi va sifatli qarorlar qabul qilishi kerak. Biz bunga tuzilmani qayta tashkil etish evaziga erishishga urinmoqdamiz. Barcha qonun hujjatlarini qayta ko‘zdan kechirish kerak.
Aqlli hukumat
Biz “Aqlli hukumat” dasturini amaliyotga tatbiq etishni boshlaymiz. Hukumat yanada shaffof bo‘lishi kerak. Hujjat aylanishi bevosita aholi uchun ishlaydigan tizim yaratish ustida ishlayapmiz. Bunda fuqarolar so‘rovi Single Step ya’ni «bir qadamdayoq» amalga oshadi.
Bugun fuqarolar besh darajali yo‘lni bosib o‘tmoqda. Fuqaro yagona davlat xizmatlari markaziga kiradi, ariza beradi, operator qabul qiladi, boshqa operatorlarga yo‘naltiradi, ular arxivga boradi yoki hamma ma’lumotni yig‘guniga qadar boshqa xodimlarga murojaat qiladi, masala yechilgunga qadar ancha vaqt o‘tadi. Yil oxiriga qadar biz barcha arxivlarni raqamlashtiramiz va operatorlar tezkor tarzda barcha ma’lumotlarni yig‘a oladi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi maqsadi BMT elektron hukumati rivojlanishi reytingida TOP-50 mamlakatlari safiga qo‘shilish va Global Open Data Index indeksida TOP-50 mamlakatlari qatorida bo‘lish.
2021-yilda O‘zbekistonda pensiyaga chiqadigan fuqarolar u tashkilotdan bu tashkilotga yugurib yurmaydi. Hammasi kompyuterlashtiriladi va raqamlashtiriladi.
– Pensiya qachon bitta tugmani bosib rasmiylashtiriladi? Pensiyaga chiqayotganlar shaharlararo sarson bo‘lib, tashkilotlarga ko‘plab ma’lumotnoma va hujjatlar izlab borishiga qachon barham beriladi?
– 2021-yilda. ID-kartalar yaratish topshirilgan, ularning rivojlanishi bunday muammolarga barham beradi. Single Step ham yo‘lga qo‘yiladi. O‘z ID-kartangizdan foydalangan holda portalga kirasiz va shaxsiy ma’lumotlaringizni kiritib, uydan chiqmay hujjatlashtirish jarayonini rasmiylashtirasiz: bunda firmangizni boshqarishingiz, haydovchilik guvohnomalarini olishingiz va xususan pensiyani rasmiylashtirishingiz mumkin.
Aytgancha, mening ikkinchi asosiy vazifam pochta maydonini qayta tiklash. Pochta hozirgi kunda bizda juda abgor holatda.
– Men Nukusdan rafiqamga otkritka jo‘natganimda u Toshkentga ikki haftada yetib keldi.
– Biz Pochta.2.0 dasturini ishga tushirmoqchimiz. Pensiya tarqatishni “Xalq banki”dan qaytarib olib, yana pochtaning zimmasiga yuklaymiz. Pensionerlar pensiyasini olishga bormaydi. Pensiyani pochtachilar tarqatishi kerak. Natijada hamma jarayonni raqamlashtiramiz. Kimga kartochka orqali pensiya olish qulay bo‘lsa, uning kartochkasiga pul o‘tkazib beriladi. Hozirgi kunda pulni naqdlashtirish bo‘yicha muammo yo‘q. Biz shunday sharoit yaratamizki, har bir pochta bo‘limida pensioner o‘ziga kerakli miqdorda naqd pul yechib olishi mumkin bo‘ladi.
– Pochtaga nima bo‘ldi? Yaqinda aloqa bo‘limida bo‘ldim. Bir ayol ishlayotgan ekan. Yana pochta qutilari paydo bo‘ladimi? Pochtachilarga avtomobil ajratiladimi?
– Biz o‘z oldimizga katta maqsadlarni qo‘ydik. Hozirgi paytda pochta sohasida 7000 nafar xodim ishlaydi. Bu juda kam. 1992-yilda pochta sohasida 30 ming kishi ishlagan. Pochta qutilarini qayta tiklaymiz.
Yevgeniy Birgerning “O‘zbekiston pochtasi” AJ bosh direktori etib tayinlanishi vaziyatni tubdan o‘zgartirishi kerak. Birger o‘z vaqtida “Rossiya pochtasi” qonunchiligining yaratuvchisi bo‘lgan. O‘shanda tizimning barcha kamchiliklari aniqlangan. Nima va nima uchun ishlamayotganini aniqlashgan. Uning jamoasi yangi qonunchilikni ishlab chiqqan, ushbu qonunchilik pochtaga uning Germaniya prinsipi bo‘yicha qurilgan klassik holatiga qaytish imkonini beradi. Nemislarning intizomi esa barchaga o‘rnak bo‘la oladi.
– Uning tayinlanishi haqida noo‘rin axborotlar tarqalgan edi
– Bu birovga yaxshilikni ravo ko‘rmaydigan kimsalarning ig‘volari edi. Ular bundan avval tuhmat uchun qoralangan. Ushbu mutaxassisni ishga taklif qilishdan oldin tegishli xizmatlar bilan katta tekshiruv o‘tkazildi. Kim nima deyishidan qat’iy nazar u qonun oldida aybsiz.
– Men nima uchun pochta bo‘limiga borib, xat olishim kerak?
– Qonunchilikda pochta manzili degan tushuncha yo‘q. Unda binolarning geografik joylashuvi degan tushuncha bor. Bo‘ldi. Shuning uchun pochta manzili, pochta indeksi va pochta qutisi tushunchalarini qayta tiklash uchun qonunchilikni tubdan o‘zgartiramiz. Shuningdek, pochta jo‘natmalarini yetkazib berish xizmatini qayta tiklaymiz, avtomobillar sotib olamiz.
Pochta butun dunyoda foyda keltirmaydigan xizmat turi hisoblanadi. U o‘zini o‘zi qoplash uchungina ishlaydi. Biz qanday qilib pochtani zarariga ishlamaydigan korxona qilishni bilamiz. Bizda Sovet ittfoqidan keyingi hududlar ichidan eng qudratli pochta xizmati bo‘ladi. Buni men sizga kafolatlayman. Boshqa davlatlar bizdan o‘rnak oladigan bo‘ladi.
Pochtachilar sonini 40 ming nafarga yetkazamiz. 33 mingta ish o‘rni yaratamiz. Pochtachilar munosib oylik oladi.
Aqlli xavfsiz shahar
Muammoga yechim topishning ikki yondashuvi bor. Shartli ravishda ularni Xitoy va Yevropa usuli deb atash mumkin.
Xitoyda eng muhimi jinoyatchilik profilaktikasi. Kameralar o‘rnatish, yuzni tanish. Pekinda istalgan turdagi jinoyat ikki soatdan so‘ng fosh etiladi.
Yevropada esa nafaqat xavfsiz, balki aqlli shahar haqida ham gapirish mumkin. Energiya tejashning aqlli tizimi, svetoforlar, yo‘l harakati. U yerda maqsad — insonlar hayotini yengillashtirish.
O‘zbekistonda ikki yondashuvning o‘rtasini olamiz.
Hozirgi kunda Nokia kompaniyasi bilan hamkorlikda “Obod qishloq” dasturi doirasida Navoiy viloyatida Smart Village loyihasini amalga oshirmoqdamiz. U yerda: yong‘in xavfsizligidan xabar beruvchi tizim, ko‘chalarni to‘g‘ri yoritish, aloqa tizimi bo‘ladi. Bundan tashqari, Navoiy viloyatida aholi yashash punktlari bir-biridan uzoqda joylashgan. Havo tibbiyoti tizimini yaratamiz. Vertolyuot maydonlari quramiz. Biz bunga kelamiz.
Har bir qishloqda pochta bo‘limlari bo‘ladi. Ularda Internetdan foydalanish imkoniyati bo‘ladi, bu yerda Yagona darcha xizmatlari ko‘rsatiladi. Kompyuter va dasturlashni o‘rgatuvchi sinflar xizmatini yo‘lga qo‘yamiz.
– Siz bilan qachon Navoiyga birga borib, ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi?
– So‘z beraman, Yangi yil oldidan birga borib, bularning hammasini amalda ko‘ramiz.
Keng polosali Internetga ulanish imkoni
O‘zbektelekomning yangi jamoasi buning ustida ish olib bormoqda. Katta miqdorda mablag‘ kiritiladi. Buning uchun AKTni rivojlantirish fondidan barcha mablag‘lar yo‘naltiriladi. Kanal kengaytiriladi. Sodda til bilan aytganda, biz mamlakatga o‘n barobar Internet “quyuluvchi” “truba”ni kengaytiramiz. Yana bir muammo — bizda ma’lumotlar saqlanadigan “basseyn” yo‘q.
Biz aholining real ehtiyojini bilmaymiz. Aytaylik, bugun mamlakatda Internetdan foydalanish statistikasi bo‘yicha tezlikni besh martaga oshirish yetarli va bundan hamma baxtiyor bo‘ladi. Biroq, bu yuz berishi bilan besh martaga narxlar arzonlashadi, tezlik besh martaga ko‘payadi, ko‘proq foydalanuvchilar Internetga ulana boshlaydi, u holda tezlikni o‘n marta oshirish ham yetarli bo‘lmasligi mumkin.
Kremniy vodiysi, Google, Facebook, Amazon hamda investorlar bilan O‘zbekistonda server markazlari yaratish bo‘yicha faol ish olib bormoqdamiz. O‘zbekistonda ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini yaratish zarur. Bu nima uchun muhim? Sababi, biz hozir Biznesga xizmat ko‘rsatish markazlariga — Gonkong, Boltiqbo‘yi va Yevropadagi serverlarga murojaat qilmoqdamiz. Bu ortiqcha vaqt.
Yil oxiriga qadar O‘zbekistonda Internet aloqasining xalqaro kanallarga kirish tezligi o‘n martaga oshiriladi. 400 ta bazaviy mobil aloqa stansiyalari o‘rnatiladi, ikki ming kilometrdan ko‘proq optik tolali aloqa liniyalari kabellari o‘tkaziladi.
Hozirda bizga yirik ma’lumotlar markazlari Big Data’lar qancha miqdorda zarurligi masalasini o‘rganmoqdamiz. Shuningdek, bizga qanday ma’lumotlar kerakligi va eng ilg‘or texnologiyalarni o‘rganmoqdamiz. Ularni yaqin istiqbolda, uch yil mobaynida joriy qilamiz.
Yil oxiriga qadar O‘zbekistonda Internet aloqasining xalqaro kanallarga kirish tezligi o‘n martaga oshiriladi.
Chilonzor tumani hududida “Hudud” axborot tizimi loyihasini test rejimida amaliyotga tatbiq etamiz. Testdan o‘tkazish rejimida biz fuqarolarni o‘zlari yashayotgan hududdagi muammolar yechimiga jalb qilamiz, birinchi navbatda kommunal muammolar ya’ni truba yorilib ketgani, asfalt o‘pirilgani, chiroq o‘chib qolgani, telefon ishlamayotgani singari muammolar yechim topadi. Aholi ariza yozadi, uni suratga tushiradi va markazga jo‘natadi.
Ushbu muammolarni bartaraf etish uchun hududga borgan xodimlar bajarilgan ishlar to‘g‘risida fotohisobotni taqdim etishlari kerak. Fotohisobot geojoylashuvga bog‘lanadi. Bu esa xizmatchilarning Belgiyadagi yo‘lakni hisobot uchun rasmga olib jo‘natmasligi uchun kerak bo‘ladi. Kelib tushgan ariza rasmi va hisobot geojoylashuvi taqqoslanadi. Tizim tumanning har bir sektoriga mas’ul ish intensivligini nazorat qilish imkonini beradi.
Mobil aloqa oqimining zichligi
O‘zbekistonda mobil aloqa zichligi cheklanishining past (2,5 mkW/sm² dan yuqori bo‘lmagan) ko‘rsatkichi amal qiladi. Biz aholi salomatligiga salbiy ta’sir xavfisiz uni kengaytirishimiz mumkin.
Tomlardagi minoralar sonini qisqartiramiz, aloqa uzatuvchilar quvvatini oshiramiz. G‘arb tajribasini yo‘lga qo‘yamiz. Xorijda firmalar retranslyatorlar quradi va ularni mobil aloqa kompaniyalariga ijaraga beradi. Shunda bitta tomda to‘rtta retranslyator o‘rnatilgan bitta minora bo‘ladi.
Shu tarzda uyali aloqa kompaniyalarining operatsion xarajatlarini qisqartiramiz, aloqa qamrovini yaxshilaymiz, ayrim minoralarni olib tashlaymiz.
O‘zbekistonga AKT sohasida yarim milliondan ortiq mutaxassis kerak. Hammasi hududda AKT sohasidagi yetakchi mamlakat bo‘lish uchun qilinmoqda.
Vazirning bir daqiqasi
– Tasavvur qiling, sizda mamlakat aholisiga murojaat qilish uchun bir daqiqa bor. Ularga nima degan bo‘lardingiz?
– Men ularga aytgan bo‘lardimki, hozirda vazirlikka aholi ehtiyojlari haqida eshitishni istovchi, soha muammolarini tushunadigan va bu muammolarni maksimal qisqa muddat ichida bartaraf etish uchun hamma narsa qilishga harakat qilayotgan mutaxassislardan iborat yangi jamoa keldi.
Biz buning uchun ko‘proq xalq bilan muloqot qilyapmiz, iste’molchilar bizdan nima kutayotganini anglash uchun interfaol tadbirlar o‘tkazishga tayyormiz, eng yaxshilarini O’zbekistonda joriy etish uchun xorijiy tajribani o‘rganmoqdamiz.
O‘zbekistonga AKT sohasida yarim milliondan ortiq mutaxassis kerak. Hammasi hududda AKT sohasidagi yetakchi mamlakat bo‘lish uchun qilinmoqda.
Biz Prezident va aholi ishonchini oqlash uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz.
Aminmanki, bizning mehnatimizdan hafsalangiz pir bo‘lmaydi.
Kelajak axborot texnologiyalari davri. Ularni shunday rivojlantirish kerakki, ular orqali insonlar o‘zining bilimini va madaniyatini oshirishi hamda salomatligini mustahkamlashi kerak. Bu eng asosiy uchta omil bo‘lib, ular sog‘lom millat kelajagi va mamlakatning iqtisodiy farovonligini oshirish imkonini beradi.
Baxtiyor Nasimov, “Daryo” sharhlovchisi
Izoh (0)