“Daryo” muxbiri Azizjon Ermatov o‘tgan yilning 22—23-iyun kunlari Prezidentning Marg‘ilonga tashrifidan so‘ng shaharda nimalar o‘zgarganini tahlil qildi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yil 22—23-iyun kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida Marg‘ilon shahar madaniyat va istirohat bog‘ini rekonstruksiya qilish, milliy hunarmandlik markazini tashkil etish va turizmni rivojlantirish dasturi taqdimoti bilan tanishib, tegishli topshiriqlar bergan edi. Mazkur topshiriqlar ijrosi doirasida Marg‘ilonda yangi sanoat korxonalari, zamonaviy uy-joylar, infratuzilma obyektlari bunyod etildi.
Shahardagi madaniyat va istirohat bog‘iga atoqli adib Erkin Vohidov nomi berilib, qayta rekonstruksiya qilindi. Istirohat bog‘ining maydoni 9 gektardan 16 gektarga kengaytirildi. Erkin Vohidov nomidagi muzey, yozuvchilar uyushmasining viloyat bo‘limi binosi, ijodkorlar xiyoboni, Erkin Vohidov nomidagi yosh ijodkorlar maktab-internati, 2 ming kishilik amfiteatr, Nuroniylar maskani zamonaviy me’morchilik andozalar asosida bunyod etildi. Zamonaviy attraksionlar o‘rnatildi. Mevali va manzarali daraxtlar ekildi. Bog‘ning kirish qismida yozuvchi-ijodkorlar xiyoboni tashkil etilib, shu yerda Erkin Vohidov haykali o‘rnatildi.
Shaharning 17 gektar yer maydoni hunarmandlar shaharchasi qurilishi uchun ajratildi. Ayni paytda bu yerda mehmonxona, karvonsaroy, dam olish va sport majmualari, maishiy va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qad rostlamoqda.
Ma’lumot uchun, ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona viloyatiga navbatdagi tashrifi davom etmoqda. Prezident tashrif doirasida Marg‘ilon shahrida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan ham tanishishi kutilmoqda.
Izoh (0)