Neslihan Atagulning turmush o‘rtog‘i eng ko‘p muhokama qilinadigan turk seriali yulduzlari qatoriga kiradi. Kadir Dog‘ulu mashhur turk aktyor va prodyuseridir. Biroq so‘nggi bir necha yil davomida uning nomi janjallar bilan bog‘liq holatlarda tilga olinmoqda.
-LlFCiI7o.avif)
Abdulkadir Dog‘ulu 1982-yil 19-aprelda Mersinda ko‘p bolali oilada dunyoga kelgan — uning besh akasi bor. Aktyorning ota-onasi kambag‘al yashaganidan, u yoshligidan ishlashga majbur bo‘lgan. 17 yoshida u o‘ziga eng yaqin bo‘lgan akasi Kamol bilan birga Istanbulga ko‘chib o‘tgan. Kadir uzoq vaqt davomida barmen bo‘lishni orzu qilgan. Biroq Istanbulda yashash uchun Dog‘ulu yetarli daromad topa olmagan. U allaqachon Mersinga qaytishni rejalashtirgan edi, ammo so‘nggi lahzada fikridan qaytadi. Kelishgan va novcha yigitni modellik agentligi vakili payqab qolib, uni suratga tushishga taklif etadi.
Ko‘p o‘tmay, Kadirning suratlari prodyuser Basak Abajigil e’tiborini ham tortadi va u yigitni kinoga taklif qiladi. Dog‘ulu aktyorlik haqida Istanbulga ko‘chib o‘tganidan keyingina orzu qila boshlagan.
“O‘sha paytlarda kinoga borish katta baxt edi. Ilk bor teatrga Levent Qirja va Ali Poyrazo‘g‘li sahnalashtirgan spektaklni ko‘rgani borganman. Aynan o‘shanda aktyor bo‘lishni orzu qilayotganimni angladim. Ammo bu deyarli imkonsiz edi, vaziyat taqozosiga ko‘ra men boshqa yo‘lni tanlashim kerak edi”, deb eslaydi u.

Ijodi
Kadir Dog‘ulu 2010-yilda “Kichik sirlar” serialida Ali rolini ijro etib, debyut qiladi. So‘ngra u “Yomon yettilik” ko‘p qismli filmida Guney obrazini gavdalantiradi. 2013-yilda turk aktyori “Ishq sohillari” serialidagi bosh rol unga olamshumul shuhrat olib keladi. Shu yili Kadir yana bosh rolda o‘ynagan “Mening hikoyam bor” to‘liq metrajli film premyerasi ham bo‘ladi.

Dog‘ulu muvaffaqiyatga erishish uchun ko‘p mehnat qilish kerakligini anglaydi. U kastinglarda qatnasha boshlaydi va uning karyerasi muvaffaqiyatli rivojlanadi. Turk aktyori “Sevgilim, Albora”, “Muhtasham yuz yil. Ko‘sem saltanati”, “Menga sevishni o‘rgat”, “Yuqori tabaqali jamiyat”, “Qayta uchrashish”, “Muhabbat retsepti”, “Tun so‘ngida” va boshqa filmlarda rol ijro etadi.

Tomoshabinlar Kadirni so‘nggi marta 2023-yilda ekranlarda ko‘rgan. O‘shanda u “Mitat” filmida bosh rolni ijro etgandi. Keyinchalik turk aktyori butun e’tiborini prodyuserlikka qaratishga qaror qiladi.
Shaxsiy hayoti
“Ishq sohillari” seriali suratga olinayotganda Kadir Neslihan Atagul bilan tanishgan. Uning aytishicha, qizni ko‘rishi bilanoq sevib qolgan.
“Kimnidir sevib qolish taqdirga bog‘liq bo‘lganda, bu jarayonni nazorat qila olmaysiz. Sizga yoqadigan va taqdiringizga aylanadigan insonni qachon va qayerda uchratishingizni bilmaysiz. Omadingiz kelsa, haqiqiy tuyg‘u nimaligini anglab yetasiz. Bir qarashda o‘rtangizda uchqun paydo bo‘ladi. Agar o‘shanda sherigim Neslihan emas, boshqa aktrisa bo‘lganida, uni ham sevib qolardim deb o‘ylamayman”, deya ta’kidlagan edi u.
Turdizi yulduzlari 2016-yil iyulida 10 yosh farqiga qaramay, nikohdan o‘tadi. To‘ydan bir necha oy o‘tgach, matbuotda Kadirning xiyonati haqida xabarlar tarqaladi. Juftlik bunday mish-mishlarni rad etgan bo‘lsa-da, Neslihanning yaqinlari uning bunday xabarlarni juda og‘ir qabul qilganini ta’kidlaydi.

Keyinchalik ma’lum bo‘ldiki, Kadir Neslihanni o‘zi “ma’naviy ma’rifat maktabi” deb ataydigan Bektoshiy tariqatiga qo‘shilishga majburlagan. Mish-mishlarga ko‘ra, bu tariqatga ergashgan erkaklar xotinlaridan tashqari boshqa ayollar bilan aloqada bo‘lishlari shart ekan. Xotinlar esa erlarining barcha ko‘rsatmalarini so‘zsiz bajarishlari lozim ekan. Dog‘ulu 2022-yildagi suhbatida Bektoshiy tariqati uning rafiqasi uchun o‘ziga xos maktabga aylanganini shaxsan tasdiqlagan.
Keyinchalik ommaviy axborot vositalarida Kadirning tungi klublarda notanish ayollar davrasida tushgan ko‘plab suratlari paydo bo‘la boshladi. Neslihan yana jamoatchilik oldida erini himoya qilib, hech qanday xiyonat bo‘lmaganini ta’kidladi. Keyinroq esa eri o‘zi uchun eng aziz inson ekanligini, hatto onasidan ham muhimroq ekanligini aytdi. Turk aktrisasining bunday e’tiroflari muxlislarini hayratga soldi. Muxlislari hamon Kadirni Neslihanni shaxs sifatida sindirgan, uni onasi va boshqa qarindoshlari bilan aloqani uzishga majbur qilgan va o‘zini uning yagona hayot mazmuniga aylantirgan mohir manipulyator deb hisoblashmoqda.
Shu bilan birga, Dog‘uluning o‘zi uzoq yillardan beri stilist, raqqos va qo‘shiqchi bo‘lgan akasi Kamol bilan muloqot qilmaydi. Ularning nizosi sabablari haqida aniq ma’lumot yo‘q. Biroq bir safar Kamol Neslihan uchun uyining eshiklari doimo ochiqligini, Kadir bilan esa ularni faqat qon-qarindoshlik aloqasi bog‘lab turishini aytgan. O‘shanda ko‘plab turk blogerlari Kadirning akasi uning turmush tarzi va oilaviy hayotidagi manipulyatsiyalarini qoralashini va aynan shu narsa ular o‘rtasidagi kelishmovchilikka sabab bo‘lganini yozgan. Mashhurlarning o‘zlari tafsilotlarni oshkor qilmagan.
Kadir Dog‘uluning o‘zi Neslihanga hech qachon xiyonat qilmaganini va yuragini faqat unga bag‘ishlaganini ta’kidlab kelgan. Shuningdek, Atagul erining hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatgani haqidagi barcha mish-mishlarni inkor etadi. 2025-yil mart oyida er-xotin ilk bor ota-ona bo‘lishdi - ular o‘g‘il farzand ko‘rib, unga Aziz deb ism qo‘yishdi.
Prodyuserlik kompaniyasi bilan bog‘liq mojaro
2020-yilning yozida Neslihan Atagulning turmush o‘rtog‘i Alim Yapım nomli o‘z prodyuserlik kompaniyasini tashkil etgani ma’lum bo‘ldi. Aynan shu kompaniya “Tungi nur”, “Tun oxirida” va “Mitat” kabi filmlarni suratga olgan.

2024-yil yanvarida Dog‘ulu kompaniyasi u prodyuserlik qiladigan yangi serial — “Muhabbat kompasi” ustida ish boshladi. Biroq dastlabki yetti qism suratga olingach, kutilmaganda jamoa o‘z faoliyatini to‘xtatganini e’lon qildi. Keyinchalik operator va montajchilar bir necha oydan beri maosh olmayotganlarini aytishdi. Loyiha aktyorlari ham bu ma’lumotni tasdiqlashdi, ammo muammolar vaqtinchalik bo‘lishiga umid bildirdilar. Biroq 2024-yil avgustida Dog‘ulu o‘z prodyuserlik kompaniyasini yopgani, bu haqda xodimlarni ogohlantirmagani va ularga nafaqat kompensatsiya, balki ish haqi ham to‘lamagani ma’lum bo‘ldi. Keyinroq aktyor o‘z firmasini bankrot deb e’lon qilishni so‘ragani aniqlandi. Ish hozirda sud tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Kadir Dog‘ulu hozirda
Hozirgi kunda Kadir Dog‘ulu nihoyatda yopiq hayot kechirmoqda. U muxlislari bilan ijodiy rejalarini o‘rtoqlashmaydi, aksincha bo‘sh vaqtini rafiqasi va o‘g‘li yonida o‘tkazadi.

Izoh (0)