Suriya qurollangan muxolifati vakillari mamlakatdagi vaziyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha xalqaro uchrashuvda ishtirok etish uchun Ostonaga keldi. Bu haqda Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatining rahbari Anvar Jaynaqovning bergan ma’lumotiga tayanib, “TASS” xabar berdi.
“Suriya qurollangan muxolifati vakillari bugun ertalab Ostonaga keldi. 24 kishidan iborat delegatsiyaga Ahmad Toma (2017-yili ar-Riyod muzokaralari bo‘yicha tuzilgan qo‘shma qo‘mita vakili) rahbarlik qilmoqda”, – deydi Jaynaqov.
Suriya bo‘yicha asosiy majlis mahalliy vaqt bilan soat 15:00 ga belgilangan.
14-may, dushanba kuni Suriyadagi vaziyatni hal qilish bo‘yicha Ostona muzokaralarining to‘qqizinchi bosqichi boshlandi. Muzokaralar davomida tomonlar Suriyadagi mavjud vaziyatni tahlil qiladi. Mintaqada inqirozni bartaraf qilish bo‘yicha keyingi jarayonlarni tashkil qilish masalasi muhokama qilinadi.
14-may, dushanba kuni ikki va ko‘p tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Asosiy majlisning 15-may, seshanba kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, AQSh delegatsiyasi Suriya masalasi bo‘yicha Ostonada bo‘lib o‘tadigan muzokaralarda qatnashmaydi.
Izoh (0)