Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko mamlakatning nazorat ostida bo‘lmagan qismi — Donbassda Rossiya muntazam qo‘shinlari borligi haqida tasdiqlangan ma’lumotlarga ega ekanligini aytdi, deb yozadi “Korrespondent.net”.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Donbassda jang qilayotganlarning yarmi Rossiya fuqarolaridir. “Ukraina tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, hozir Donbassda jang olib borayotganlarning 50 foizgacha bo‘lgan qismi — Rossiya fuqarolari”, — deyiladi xabarda.
Poroshenko qo‘shimcha qilishicha, turli davrlarda Donbassdagi Rossiya muntazam qo‘shinlari soni “2,5 mingdan 10 ming kishigacha tebranib turgan”.
“Bunga qo‘shimcha ravishda, ularda 50 ming nafar ‘rus ko‘ngillilari’ bor, ular Rossiya safarbarlik tizimi orqali to‘planib, u yerga yuborilgan”, — dedi Poroshenko.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina hozir “sovuq urush fronti chizig‘i” hisoblanadi. “Ammo biz hozir issiq urush olib boryapmiz”, — dedi Poroshenko.
Izoh (0)