Toshkent shahri hududida yoz oylari yaqinlashishi bilan belgilanmagan joylarda nostandart hajmdagi idishlarda turli ichimliklarni sotish, sanitariya talablariga javob bermaydigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, xususan, meva-sabzavotlar, chorva mollari va parranda go‘shtlarinining noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanish holatlari ko‘payib ketadi. Bu haqda shahar hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Bunday holatlarning oldini olish maqsadida Toshkent shahar hokimining “Toshkent shahri hududida noqonuniy savdolarni bartaraf etish, mavsumiy savdo va umumiy ovqatlanish tarmog‘i obyektlari faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida 2018-yilning 1-mayidan boshlab poytaxtdagi dehqon bozorlari, savdo komplekslari va ixtisoslashtirilgan bozorlar hududida, sanitariya talablariga javob bermaydigan joylarda oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari, salqin ichimliklar, turli taomlar bilan noqonuniy savdo qilish holatlariga chek qo‘yiladi.
Bozorlar va uning hududida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar va ishchi-xizmatchilarning tibbiy ko‘rikdan o‘tganligi, maxsus ish kiyimlari bilan ta’minlanganligi, mahsulotlarni saqlash va sotish qoidalariga rioya qilinishi, ish joylarining sanitariya holatiga to‘liq javob berilishi nazoratga olinadi.
Shuningdek, dehqon bozorlari va shohobchalari hududida go‘sht, sut, parranda tuxumi, salat va qandolat mahsulotlari savdosi amalga oshiriladigan rastalarda sovutgich uskunalarining bo‘lishi va doimiy ishlashi yuzasidan tekshiruvlar olib boriladi.
Izoh (0)