Navoiy shahrida yashovchi Rohat Quvondiqova (ism-sharif shartli) oliy ma’lumotli o‘qituvchi bo‘la turib, sudxo‘rlikni ham o‘ziga kasb qilib oldi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
O‘qituvchi muayyan vaqtdan beri ko‘p “mijoz”lariga foiz evaziga kerakli miqdordagi puldan qarashib turdi. Ammo shu orada uning boshqa bir hiylasi chiqdi. Ya’ni, bir vaqtlar qarz olganlar orasidan to‘rt ayolni tanlab, go‘yoki qarzdorlar uning million-million so‘m pulini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganu, hanuzgacha aldab bermay yurgani haqida ichki ishlar organlariga xabar qildi.
Tekshiruvlar davomida o‘qituvchi opa to‘rttala ayolga har oyda berilgan summadan 10 foizdan ustama olish sharti bilan pul bergani, qarzdorlar tuzilgan “bitim” asosida omonatni egasiga qaytargani, Quvondiqova esa ayollarga tuhmat qilgani o‘z isbotini topdi.
Mazkur holat yuzasidan Rohat Quvondiqovaga nisbatan Jinoyat Kodeksining 237-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Izoh (0)