Qashqadaryo viloyatida 3 million 89 ming nafar aholi istiqomat qilmoqda, shundan voyaga yetmaganlar 1 million 87 ming nafarni tashkil etadi, deb yozadi O‘zA.
Nazoratsiz va qarovsiz qolgan voyaga yetmaganlar 2017-yil I choragida 69 nafarni tashkil etgan. Ma’lum bo‘lishicha, 20 nafar voyaga yetmagan bolaga ota-onasi umuman qaramaydi. Hududiy komissiyalar tomonidan voyaga yetmaganlarga nisbatan 160 ta, ota-onalariga nisbatan esa 1607 ma’muriy ish ko‘rib chiqilgan. Viloyatdagi umumta’lim maktablarida 327 nafar o‘qituvchi yetishmaydi.
Jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etishga moyil bo‘lgan, ichki ishlar idoralarida profilaktik hisobda turgan ta’lim muassasalari, mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan xulqi ijobiy tomonga o‘zgargan voyaga yetmaganlarni ichki ishlar idoralari profilaktik hisobidan chiqarish bo‘yicha ishlar qoniqarsiz tashkil etilgan.
Ayrim ta’lim muassasalarida tarbiyasi og‘ir, jinoyat sodir etishga moyil bo‘lgan o‘quvchilar hamda notinch oilalarning farzandlari bilan ta’lim-tarbiya ishlari yetarlicha olib borilmagani oqibatida 153 nafar akademik litsey va kasb-hunar kolleji o‘quvchisi tomonidan turli jinoyatlar sodir etilgan.
Tizimdagi mazkur kamchilik va muammolar Oliy Majlis Quyi palatasida Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi tomonidan 2017-yil davomida “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining Qashqadaryo viloyatidagi ijrosi yuzasidan bo‘lib o‘tgan nazorat-tahlil jarayonida aniqlangan.
Izoh (0)