O‘zbekistonda venchur fondlar, venchur moliyalashtirishni tashkil etish va rivojlantirish uchun huquqiy asoslar, shuningdek, iqtisodiyotga innovatsiyalar va yangi texnologiyalar joriy etishni rag‘batlantiruvchi mexanizmlar ishlab chiqiladi. Bu haqda Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida aytiladi.
22-yanvar kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “2017—2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmonni imzoladi.
Davlat dasturining uchinchi yo‘nalishi iqtisodiyotni rivojlantirish va faol tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan.
Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish sohasida ilg‘or g‘oyalar, smart texnologiyalar va nou-xaularga asoslangan innovatsion taraqqiyotning yangi modeliga bosqichma-bosqich o‘tish ko‘zda tutilmoqda.
2023-yilning 1-yanvariga qadar venchur fondlar, yuqori texnologik startap-loyihalar, ilmiy-tadqiqot muassasalari, innovatsiya markazlari va loyiha-konstruktorlik byurolariga o‘zlarining yangi texnologiyalarini tadbirkorlarga sotish (foydalanish uchun taqdim etish)dan tushgan daromadlari bo‘yicha soliq imtiyozlari taqdim etiladi.
Izoh (0)