Google qidiruv tizimida Rossiyaning amaldagi prezidenti Vladimir Putin davlat rahbarligiga bo‘lg‘usi saylovlar g‘olibi deb ko‘rsatilishiga sababchi bo‘lgan xatolik tuzatildi, deb yozadi “RBK”. Ayni paytda tizim “Rossiyada 2018-yilgi prezident saylovlari” va “2018-yilgi saylovlar” degan so‘rovlar kiritilgan holatlarda to‘g‘ri natijalarni chiqarib bermoqda.
“Vikimediya”ning Rossiyadagi bo‘linmasi ijrochi direktori Stanislav Kozlovskiy aniqlik kiritishicha, xatolik “Vikipediya”da bo‘lg‘usi saylov haqidagi maqolani tahrirlab qo‘ygan foydalanuvchi tufayli kelib chiqqan. “Noma’lum kishi saylovlar haqidagi maqolaning kirish qismiga Putinning familiyasini yozib qo‘ygan, shundan keyin qidiruv tizimi natijalarda uni ko‘rsatgan”, — dedi u.
Kozlovskiyning qo‘shimcha qilishicha, onlayn-ensiklopediyadagi kamchilik 20 daqiqadan so‘ng bartaraf qilingan, shundan keyin xato Google’dan yo‘qolgan.
Avvalroq rus, ingliz yoki nemis tilida “saylov 2018 Rossiya” (“vibori 2018”, “election 2018 russia”, “präsidentschaftswahl russland 2018”) deb qidiruvga berilganida, sahifada “g‘olib — Putin Vladimir Vladimirovich” shaklidagi javob kelib chiqayotgan edi.
Izoh (0)