13-dekabr kuni taxminan tonggi 5 larda Toshkentning Mirobod tumanidagi Nukus ko‘chasida markaziy isitish tizimining 700 mm diametrli quvuri yorilib ketdi, deb yozadi “Gazeta.uz”. Kommunal xizmatlar tomonidan kun davomida quvurdagi avariya oqibatlari bartaraf qilingan, ammo issiq suv Mironshoh ko‘chasining 9 oila (hozirda — 8) yashaydigan 8-tor ko‘chasidagi 11 ta xususiy uyni yaroqsiz holatga keltirdi. “Baynalminal” mahallasi fuqarolari shahar hukumatiga murojaat qilib, yordam so‘radi.
Shikoyatchi fuqarolardan biri aytishicha, avariyadan keyin Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari uyni avariyaviy va yashash uchun yaroqsiz holatda deb topib, xatlab ketgan. Ammo 17 kundan keyin ham jabrlangan oilalar hamon yangi uylarga ko‘chirilmagan va “xavfli hudud”da yashashda davom etmoqda.
“Pol, shift, mebel — barchasi ivib, shishib ketdi. Devorlarda yoriqlar paydo bo‘ldi… Bizga Sergeli tumanidagi va Slonim ko‘chasi (Yashnobod tumani)dagi kvartiralarni taklif qilishdi. Ammo u yerni tubdan ta’mirlash kerak. Buning ustiga, u yer mening ish joyim va bolalarning o‘qish joylaridan juda uzoqda. Bor pulimiz faqat taksiga ketadi”, — dedi u.
Mahalla fuqarolari tuman ma’muriyati uy-joyni shu tumanning o‘zidan berishini istayapti. “Hech kim bizdan bu yerda qanday yashayotganimizni so‘ramayapti. Xatlarimizga javob yo‘q”.
Izoh (0)