“O‘zbekiston” telekanali “Uchburchak” tok-shousining so‘nggi — 23-dekabrda efirga uzatilgan soni ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ko‘rsatuvning so‘nggi qismida Toshkent ko‘chalarida oiladagi xiyonatga odamlar qanday munosabatda ekanini qisman ko‘rsatuvchi lavha namoyish etildi.
Javob beruvchilarning deyarli bari er yoki xotindan birining xiyonat qilishi juda og‘ir qilmish ekanini bir ovozdan ta’kidlagan. Ularning aksariyati ayollarning xiyonati og‘irroq bo‘lishi haqida fikr bildirgan. “Ayolning xiyonatini kechirib bo‘lmaydi”, — notanish ikki ayol ko‘rsatuv savoliga bir xilda shunday javob qaytargan.
Lavhada to‘rt o‘tkinchi ayol eri xiyonat qilganini tan olib aytgan. Ko‘rsatuvda ularning yuzi yashirilgan, biroq ovozi o‘zgartirilmagan.
“O‘zim xiyonatga uchraganman. Mana, yashab kelyapmiz. Boshqa iloj yo‘q. Chidash kerak”, — deydi ulardan birinchisi, o‘rta yoshlardagi ayol. “Masalan, men erimni ovsinim bilan tutib olganman. Keyin haydab yuborganman. Hozir birga yashamayman”, — deb javob bergan ikkinchi, yoshroq ayol.
“Erim menga rosa xiyonat qilgan. Boz ustiga, yon qo‘shnim bilan, o‘z uyimda — hammasiga o‘zim guvoh bo‘lganman. Lekin birga yashayapman. Kechirdim, yashayapman. Hozir nevaram bor”, — deydi uchinchi ayol. “Qizim xiyonat qilgan erini kechirib, birga yashayapti. Bolalari uchun chidab, eplab, yashab kelyapti. Hozircha. Eh, eslatmang”, — degan to‘rtinchi ayol.
Lavha bir yigitning muxbirga qarata: “Qayoqdagi narsalar bilan boshni qotirmang!”, — deb jerkib ketishi bilan tugagan.
Izoh (0)