Angliya Premyer-Ligasining 19-turida “Byornli” darvozasiga 3 ta gol urgan “Tottenhem” hujumchisi Harri Keyn OAV diqqat markazida bo‘lib turibdi.
Birinchi galda u 2017-yil davomida eng ko‘p xet-trik qayd etgan futbolchi ekanini eslash o‘rinli. Dortmundning “Borussiya” klubi hujumchisi Pyer-Emerik Obameyang hamda Milanning “Inter” klubi vakili Mauro Ikardi 2017-yil davomida 3 martadan xet-trik qayd etishga muvaffaq bo‘ldi. Keynda esa bu ko‘rsatkich 7 tani tashkil qilgani diqqatga sazovor.
Keyn, shuningdek, APLning afsonaviy futbolchilaridan biri Alan Shirerning rekordini takrorladi. 2017-yil hisobidan hujumchi APL doirasida 36 ta gol urishga erishdi. 22 yil oldin Shirer ham bir yil ichida shuncha gol urishni uddalagandi.
Harrida rekordni yangilash uchun imkoniyat saqlanib turibdi. 26-dekabr kuni “Tottenhem” Londonda “Sautgempton”ni qabul qiladi. Mazkur o‘yinda Keyn aqalli 1 ta gol ursa ham, Shirer yozib ketgan tarixda yangi nom paydo bo‘ladi.
Va nihoyat, Keyn Lionel Messi bilan kamida tenglashib olish imkoniyatiga ega bo‘lib turibdi. Kecha — 23-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan “El-Klasiko”da “Real” darvozasiga gol urgan Messi, 2017-yil hisobidan urgan barcha gollarini 54 taga yetkazib oldi hamda Krishtianu Ronaldu, Edinson Kavani, Robert Levandovski kabi futbolchilardan o‘zib ketdi. Mazkur trio yil davomida barcha turnirlarda 53 tadan gol urishga erishgandi.
Lionel Messi 2017-yilni “Oltin to‘p” sohibi Krishtianu Ronaldudan ko‘proq gol urib, yakunladi
“Byornli”ga qarshi o‘yindagi xet-trikdan keyin Keynning gollari ham 53 taga yetdi. Aytib o‘tilganidek, 26-dekabr kuni hujumchi “Sautgempton” postiga gol ursa, nafaqat Shirerning rekordini yangilaydi, balki 2017-yil hisobidan Messi bilan tenglashib oladi. Ayni vaqtda unda Leodan o‘zib ketish uchun ham yaxshi sharoit ham bor.Levandovski, Ronaldu hamda Kavani esa bu yil hisobidan qaytib maydonga tushmaydi.
Izoh (0)