Moldova parlamenti Rossiyaning yangiliklar va tahliliy teledasturlari translyatsiyasini cheklashga qaratilgan qonun loyihasini tasdiqladi. “Kommersant” xabariga ko‘ra, qonun loyihasi parlament yig‘ilishida qatnashgan 87 deputatning 61 nafari tomonidan ma’qullangan.
Mazkur tashabbusga Moldova Sotsialistlar partiyasi a’zolari, shuningdek, Kommunistlar partiyasi fraksiyasi qarshi chiqqan — kommunistlar bu qonun loyihasiga norozilik belgisi sifatida yig‘ilishni namoyishkorona tark etgan.
Qonun loyihasi muallifi Sergey Sirbuning so‘zlariga ko‘ra, hujjat “davlatning axborot xavfsizligini ta’minlash mexanizmlarini joriy etish”ni nazarda tutadi. “Qonun loyihasi xorijdan turib amalga oshiriladigan targ‘ibot va manipulyatsiyaga qarshi kurashga yo‘naltirilgan”, — deydi deputat.
Sirbuning qayd etishicha, bu qonun loyihasi xorijiy telekanallarning ko‘ngilochar va boshqa dasturlarini retranslyatsiya qilishga hech qanday daxl qilmaydi.
Qayd etish joiz, Moldova prezidenti Igor Dodon Rossiya teledasturlarini taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qullash niyatida emasligini 2017-yil iyulidayoq ma’lum qilib ulgurgan edi.
Izoh (0)