Daniya immigratsiya ishlari vaziri Inger Stoyberg 3-noyabr kuni qochoqlarni saqlash markaziga tashrif buyurdi. Vazir markazni tark etayotgan vaqtda, uning mashinasi kapot oldiga turib olgan muhojir ayollardan birini bosib ketdi. Bu haqda “RBK” xabar bermoqda.
Vazir Stoyberg tashrif buyurgan markazda Daniya hukumati qochoq maqomini berishdan bosh tortgan muhojirlar istiqomat qiladi. Daniyalik amaldor markazdagi yashash sharoitlari, xususan, unda bolalar qanday saqlanayotgani bilan tanishish maqsadida bu yerga kelgan edi.
Stoyberg muhojir oilalardan birining mehmoni bo‘lgan. Shu vaqt markazning boshqa aholisi Daniya hukumatidan noroziligini bildira boshlagan. So‘ng vazir qo‘riqchilar qurshovida darhol mashinasi tomon yo‘l olgan.
Muhojir ayollardan biri vazirning mashinasi yo‘lini to‘sish maqsadida, uning oldiga turib olgan. Qo‘riqchilar yo‘ldan olishga uringan, biroq avariyaning oldini olishga ulgurmagan. Oqibatda mashina ayolni urib ketgan va bir necha o‘n metr yurib, to‘xtagan.
DR nashrining guvohlar so‘zlariga asoslanib xabar berishicha, qaytish vaqtida vazirga norozi muhojirlar hamrohlik qilgan. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, mashina ostida qolgan ayol jiddiy tan jarohati olmagan.
Izoh (0)