Sentyabr oyida bo‘lib o‘tadigan BMT Bosh assambleyasida Avstraliya “Falastin xalqining o‘z davlatiga ega bo‘lish huquqini” rasman tan oladi. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri Entoni Albaneze 11-avgust kuni jurnalistlarga ma’lum qildi.

“Isroil va Falastin davlatchiligi uzoq muddatli bo‘lmasa, tinchlik faqat vaqtinchalik bo‘lishi mumkin”, deya ta’kidladi u.
Albanezening aytishicha, Falastin milliy ma’muriyati vakillari uni “HAMAS terrorchilari kelajakdagi Falastin davlatida hech qanday rol o‘ynamasligi”ga ishontirgan.
Yangi Zelandiya tashqi ishlar vaziri Uinston Piters esa Falastin davlatini tan olish imkoniyati ko‘rib chiqilayotganini bildirgan.
“Bosh vazir Kristofer Lyukson hukumati sentyabr oyida rasmiy qaror qabul qiladi va BMT rahbarlari haftaligida hukumat nuqtai nazarini taqdim etadi”, deydi u.

Pitersning ta’kidlashicha, mamlakatning ayrim yaqin hamkorlari Falastin davlatini tan olishga qaror qilgan bo‘lsa-da, Vellington mustaqil tashqi siyosat olib bormoqda.
“Biz bu masalani sinchiklab o‘rganib chiqmoqchimiz, so‘ngra Yangi Zelandiyaning tamoyillari, qadriyatlari va milliy manfaatlariga muvofiq harakat qilmoqchimiz”, dedi Piters o‘z bayonotida.
Uning qo‘shimcha qilishicha, hukumat Falastin hududlari Yangi Zelandiya tan olishi mumkin bo‘lgan barqaror va qonuniy davlatga aylanishi uchun yetarli darajada rivojlanganini baholashi lozim.
Fransiya avvalroq Falastin davlatini hech qanday shartlarsiz tan olishga va’da bergan edi, Malta ham unga ergashdi. 2023-yil oktyabr oyidan beri Norvegiya, Yamayka, Ispaniya, Irlandiya, Armaniston, Bagama orollari, Sloveniya, Barbados hamda Trinidad va Tobago allaqachon Falastinni tan olgan.
Izoh (0)