Turkiyaning Balikesir viloyatida 10-avgust kuni 6,1 magnitudali kuchli zilzila yuz berdi. Yer silkinishi oqibatida qulab tushgan bino egasi va quruvchisi qo‘lga olindi.

Ayblanuvchilar 11-avgust kuni ehtimoliy beparvolik bo‘yicha tergov doirasida ushlangan. Zilzila sababli Sindirg‘i shahridagi 3 qavatli uy qulab, 81 yoshli erkak vafot etgan. Provinsiya bo‘ylab jami 29 kishi jarohatlangan.
Yer silkinishlari hatto 200 kilometr uzoqlikdagi Istanbulda ham sezilgan. Bu esa 16 milliondan ortiq aholiga ega shaharda xavotir uyg‘otgan. Mutaxassislar kuchli zilzilalar xavfi saqlanib qolayotganini ta’kidlamoqda. Ichki ishlar vaziri Ali Yerlikayaga ko‘ra, zilzila oqibatida 16 bino vayron bo‘lgan, ularning aksariyati tashlab ketilgan qishloq uylari hisoblanadi.
Sog‘liqni saqlash vaziri Kamol Memiso‘g‘lining aytishicha, jarohat olib kasalxonaga yotqizilgan 29 kishidan 19 nafari uyiga javob berilgan, qolganlarning ahvoli og‘ir emas. Hududda 200 dan ortiq aftershok qayd etilgan, eng kuchlisi 4,6 magnitudali bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yilda Turkiyada yuz bergan 7,8 magnitudali zilzila 53 mingdan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgandi. Qurbonlar sonining ko‘pligiga sifatsiz qurilish usullari, sust nazorat va tizimli xatolar sabab bo‘lgan.
Izoh (0)