Meksikadagi ikkita munitsipalitetning merlari 20-oktabr, juma kuni jinoyatchilarning hujum obyektiga aylandi, ulardan biri halok bo‘lgan, ikkinchisi esa jarohat olgan, deb xabar berdi “RIA Novosti”.
Kolima shtatining bosh prokuraturasining ma’lumotlariga ko‘ra, Ikstlauakan munitsipalitetining meri Krispin Gutyerres Moreno halok bo‘lgan. “U juma kuni ertalab Mansanilo — Gvadalaxara shossesida vafot etdi”, — deyiladi idoraning Twitter’dagi sahifasida. Jinoyatchilar merga mashina boshqarib ketayotganida hujum qilishgan.
Shuningdek, 20-oktabr kuni qurollangan bezorilar guruhi Michoakan shtatining Koalkoman munitsipaliteti rahbariga ham hujum uyushtirishgan. Xose Misael Gonsalesning ko‘kragiga o‘q tekkan va u shifoxonaga yetkazilgan. Hozirda uning ahvoli barqaror. Michoakan Jamoat xavfsizligi vazirligi hujum uyushtirganlarni qo‘lga olish operatsiyalari boshlanganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, 6-oktabr kuni Michoakan shtatidagi Paracho shahrining meri Stalin Sanches Gonsales ham noma’lum kimsalar tomonidan Meksikada otib ketilgandi.
Izoh (0)