Zilzilalardan keyin ko‘pincha kamroq magnitudali aftershoklar kuzatiladi. Ammo ba’zan yer qobig‘ining silkinishlari ketma-ket yuz beradi, ularning sodir bo‘lish tezligi va magnitudasi muayyan muddat ichida deyarli o‘zgarmaydi, va “asosiy” zilzilani ajratib ko‘rsatish mumkin bo‘lmaydi. Bunday seysmik hodisalar ketma-ketligini “zilzilalar galasi” deyishadi. Bu haqda National Geographic xabar bermoqda.
AQShning Yelloustoun milliy bog‘i va uning atroflarida yuz bergan zilzilalar galasiga seysmik faollikning 50 foizi to‘g‘ri keladi. 1985-yilda bu hudud o‘z tarixidagi eng yirik zilzilalar galasini boshidan kechirgan edi: uch oy ichida 3000 dan ortiq silkinishlar qayd etilgandi. Rekord yangilanmagan bo‘lsa-da, 2017-yil 12-iyundan boshlab hozirgacha bog‘da yer qobig‘i qariyb 2500 marta silkindi: shularning 185 tasi 2, 12 tasi — 3 va bittasi 4,4 magnitudali bo‘ldi.
Sentabrning o‘zida Yelloustoun 115 marta silkindi. Oktabr boshidan esa seysmik faollik pasaymoqda, dedi olimlar, ammo uning to‘liq yakunlangani haqida gapirishga hali erta.
Ta’kidlash joizki, mayda zilzilalar bir vaqtning o‘zida sodir bo‘lishi mumkin, aniq raqamni bilish uchun barcha ma’lumotlar batafsil tahlil qilinishi kerak. 2017-yildagi zilzilalar galasi tekshirilgach, u 1985-yildagi rekorddan o‘zib ketishi mumkinligi istisno qilinmayapti.
Izoh (0)