Rossiyadagi obyektlarning “minalashtirilgani” haqidagi telefon qo‘ng‘iroqlaridan ko‘rilgan zarar 300 million rubldan (5,2 million dollar) oshdi. Bu haqda FXX direktori Aleksandr Bortnikov ma’lum qildi, deya xabar beradi “RIA Novosti”.
Xizmat rahbariga ko‘ra, kishilar FXX faoliyati qoidalariga muvofiq evakuatsiya qilindi.
“Politsiya, Rosgvardiya va biz qandaydir qaror qabul qilishdan avval olingan ma’lumotni tekshirib ko‘rish uchun barcha choralarni ko‘rishimiz talab etiladi. Terrorchilik tahdidi haqidagi yolg‘on xabarlar uchun javobgarlikka oid oldinroq qabul qilingan qonun-qoidalar mavjud. Yuz bergan hodisalardan kelib chiqib, yana nima qilish mumkinligini ko‘rib chiqish lozim. Chunki yetkazilgan moddiy va ma’naviy zarar salmoqli bo‘ldi. Iqtisodiy ziyonni dastlabki kunlardayoq hisoblab chiqqandik: qo‘ng‘iroqlar bo‘lgan obyektlar 300 million rubldan ko‘proq zarar ko‘rdi”, — dedi Bortnikov.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq FXX Rossiyada bomba o‘rnatilgani haqidagi soxta xabarlar tashkilotchilarini aniqlagani ma’lum qilingandi.
Izoh (0)