Amerikaning Apple korporatsiyasi dunyoning 100 ta eng qimmat brendlari ro‘yxatida yetakchilik qildi, deb yozadi “TASS”. Tegishli an’anaviy reytingni Interbrand konsalting kompaniyasi e’lon qildi.
Apple ushbu ro‘yxatda ketma-ket besh yildan buyon birinchi o‘rinni egallab kelmoqda. Uning brendi narxi o‘tgan yil ichida 3 foizga oshib, qariyb 184,2 milliardga teng bo‘ldi.
Ikkinchi pog‘onada Google joylashdi, uning brendi bir yilda 6 foizga qimmatlashib, 141,7 milliard dollarga yetdi. Uchinchi o‘rinni 10 foizga qimmatlashib, deyarli 80 milliard dollarga yetgan Microsoft brendi band etdi.
Reytingning birinchi o‘nligiga shuningdek, Coca-Cola (69,7 milliard dollar), Amazon (64,7 milliard dollar), Samsung (56,2 milliard dollar), Toyota (50,3 milliard dollar), Facebook (48,2 milliard dollar), Mercedes (47,8 milliard dollar) va IBM (46,8 milliard dollar) kirdi.
Reytingni tuzishda Interbrand savdolarning moliyaviy natijalari, brendning taniqliligi, shuningdek, uning bozorga ta’siri (bu kompaniyaga nominal qiymatdan balandroq narxni o‘rnatishda yordam beradi) kabi omillarni hisobga oladi.
Izoh (0)