Rossiyaning Nijegorodskiy viloyatida quruvchilar uyni buzib, uning o‘rnidan yo‘l o‘tkazdi. Bu haqda “TV Sentr” telekanali xabar berdi.
Uy egalarining aytishicha, ular bir oy muddatga ishlash uchun ketgan. Qaytib kelganlarida uyning yarmi yo‘q bo‘lgan. Qolgani esa yarim buzilgan holatda bo‘lgan, uy egalarining qurilish va yer maydoni bo‘yicha barcha hujjatlari bor. Yer maydoni ularga ota-onasidan qolgan.
Bir vaqtda mahalliy rasmiylar yer maydoni quruvchi tashkilotga tegishli ekanligini aytmoqda, hujjatlar ham buni tasdiqlamoqda.
Vaziyatga huquqni muhofaza qiluvchi organlar aralashgan. Rossiya tergov qo‘mitasining hududiy boshqarmasi tomonidan ma’lum qilinishicha, 31-avgustda hududiy telekanalda uy orqali o‘tuvchi yo‘lning qurilishi bo‘yicha ko‘rsatuv namoyish etilgan. Mazkur holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv ishlari boshlangan.
Uy egasining ta’kidlashicha, yuz bergan voqea natijasida ular uysiz qolgan. Oila a’zolari yangi qurilgan yo‘lni to‘siqlar bilan to‘sib, unda chodir o‘rnatgan va shu chodirda yashamoqda.
Izoh (0)