Hindiston va Xitoy ikki oydan uzoqroq vaqt davom etgan Himolay tog‘laridagi chegara bilan bog‘liq tanglikni tartibga soldi, deb yozadi Meduza.
Butun shu vaqt davomida chegara bo‘ylab qo‘shinlar turgan, Xitoy esa Hindistonga qat’iy choralar bilan tahdid qilgan edi. Nizoning oldini olishga muvaffaq bo‘lishdi — OAVlar yozishicha, bunga Hindiston hukumatining vazmin pozitsiyasi, shuningdek, BRIKSning navbatdagi sammiti yaqinlashuvi turtki bergan.
Hindiston va Xitoy Himolay tog‘laridagi chegara tufayli azaldan janjallashib keladi. 1962-yilda ular o‘rtasida boshlangan urush ikki oy davom etgandi.
Harbiy harakatlar boshlanishiga olib kelishiga oz qolgan so‘nggi voqea esa 2017-yil iyunida Xitoy, Hindiston va Butan chegaralari kesishgan Doklam platosi hududida yuz berdi. Doklam platosi — Xitoy va Butan o‘rtasidagi azaliy hududiy bahs mavzusi. 16-iyun kuni xitoylik ishchilar platoga olib boradigan yo‘lni mustahkamlashni boshladi, buni esa Butanda yarashuvning buzilishi deb hisoblashdi.
Hindiston nizoga ittifoqdoshi Butanning iltimosi bilan aralashdi. Hindiston qo‘shinlari qurilishi ishlari olib borilishiga to‘sqinlik qilish uchun bahsli hududga yaqin keldi. Ular quruvchilarni siqib chiqardi, Xitoy bunga javoban, plato yaqinidagi guruhini kuchaytirdi.
Xitoy qat’iy choralar ko‘rishga tayyorligini e’lon qildi. Iyulda esa Hindiston bilan chegara yaqinida harbiy mashg‘ulotlarni o‘tkazdi.
18-iyundan 28-avgustgacha Hindiston va Xitoy qo‘shinlari chegara bo‘ylab o‘rnashib turdi. Hindiston hukumati uzil-kesil xatti-harakatlarni amalga oshirmadi, Xitoy harakatlari noqonuniyligi haqidagi doimiy bayonotlar bilan chegaralandi. Natijada 29-avgust kuni tomonlar qo‘shinlarni olib chiqib ketish haqida e’lon qildi.
Izoh (0)