O‘zbekiston soliq tizimi boshqa iqtisodiy islohotlar bilan bog‘liq bo‘lgan tubdan tizimli isloh qilinishi zarur, deb yozadi Yuliy Yusupov.
Iqtisodchi Yuliy Yusupov “Gazeta.uz” nashriga bergan intervyusida ishlab chiqarishni kengaytirish va bandlikni oshirish imkonini beruvchi soliqqa tortish tizimini tubdan isloh qilish foydasiga argumentlar keltiradi.
Avgust oyi boshida “Gazeta.uz”da chop etilgan soliqqa tortish tizimi muammolari haqidagi intervyu katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Meni turli uchrashuvlarga, jumladan, soliqqa tortish masalalari bo‘yicha qarorlar tayyorlayotgan davlat xizmatchilari ishtirokidagi uchrashuvlarga taklif qila boshlashdi.
Turli boshqarmalarning soliq islohotlari loyihalari bilan tanishib chiqdim. Ikki xil yondashuv taklif qilinmoqda:
- kichik korxonalarning bir qismini birmuncha yengillashtirilgan umumo‘rnatilgan soliqqa tortish tizimi bilan o‘rta razryadga o‘tkazish;
- deyarli butun biznesni QQSdan voz kechib, biroq kichik, o‘rta va yirik korxonalar o‘rtasidagi soliq yuki o‘rtasidagi farqni saqlab qolgan holda yagona soliq to‘loviga o‘tkazish.
Afsuski, ushbu loyihalar O‘zbekiston soliq tizimining mamlakat iqtisodiyotini raqobatbardosh bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydigan uchta asosiy muammosini hal qilmaydi (yoki yetarli darajada yechmaydi).
1. Xalqaro amaliyot va sog‘lom fikrga xilof ravishda soliq tizimimizda foydadan tushgan soliq ustunlik qiladi. Bundan tashqari, QQSini to‘lovchilar iqtisodiyotimizda sanoqli qolganligini va ushbu soliqni to‘lash davomida zanjirning uzilishi yuzaga kelishini hisobga olganda, hatto QQS ham ko‘pincha foyda solig‘iga, ya’ni o‘ziga qarama-qarshi bo‘lgan soliq turiga aylanib ketadi.
Foyda soliqlarining nimasi yomon? Ular mehnatning jamoatchilik taqsimotini o‘ldiradi, korxonalarimizga raqobatbardoshlikni oshirish usuli sifatida tor ixtisoslikdan foydalanish imkonini bermaydi: qo‘shimcha qiymatni yaratish zanjiri qanchalik uzun bo‘lsa, shunchalik ko‘p soliq to‘lashga to‘g‘ri keladi. Shunga mos tarzda, soliq tizimimiz doirasida yaratilgan yuqori qo‘shimcha qiymatli yakuniy mahsulot shubhasiz raqobatbardosh bo‘lmaydi. Albatta agar zanjir ishtirokchilari ko‘rsatilgan soliqlarni to‘lashdan ozod etilgan bo‘lmasa yoki monopolistlar kabi soliq yukini iste’molchiga yuklab qo‘ymasa.
2. Umumo‘rnatilgan tizimda soliq yuki juda yuqori, bu kichik va yirik korxonalar soliq yuki darajasi o‘rtasida katta farqni yuzaga keltiradi (3—8 marta). Bu aslida biznesni yiriklashtirishga taqiq hisoblanib, korxonalarimizga raqobatbardoshlikni oshirishning “ko‘lamda tejash” kabi kuchli qurolidan foydalanish imkonini bermaydi.
Ixtisoslashuv va miqyosdan tejash — barcha zamonaviy raqobatbardosh kompaniyalar tomonidan qo‘llanilmoqda. Bu vositalar mahsuldorlikni, mahsulot sifatini oshirish imkonini beradi. Ishlab chiqarishning uzun zanjirlarida ishtirok etib, ixtisoslashuvga yo‘l qo‘ymasdan, biznes ko‘lamini kengaytirmasdan soliq tizimi ishlab chiqaruvchilarni unumsizlikka mahkum qilmoqda.
3. Mehnat uchun nisbatan yuqori soliq tadbirkorlarni ko‘proq xodimlar yollash, ularga balandroq maoshlar to‘lashga rag‘batlantirmaydi. Oqibatda yashirin iqtisodiyot rivojlanishini rag‘batlantirib, bandlikning o‘sishini qisqartirib, ishlab chiqaruvchilarni raqobat kurashidagi muhim afzallik — arzon ishchi kuchidan foydalanish imkoniyatidan mahrum qilmoqdamiz. Soliqlarimiz tufayli u “arzon” bo‘lmay qolyapti.
Taklifim:
- soliqqa tortishning umumo‘rnatilgan rejimidagi korxonalar uchun foyda solig‘ini bekor qiladigan;
- umumo‘rnatilgan rejimni soddalashtirib, ushbu rejim doirasida soliq yukini sezilarli darajada kamaytiradigan (bu uning ko‘plab kichik korxonalar e’tiborini o‘ziga tortishi, ularga ishlab chiqarish ko‘lamini erkin kengaytirish hamda ish bilan band bo‘lganlarning bir qismini hisobotdan yashirishning o‘rniga bandlikni oshirish imkonini bergan bo‘lardi);
- mehnat uchun to‘lanadigan soliqlarni, jumladan, daromad solig‘ini to‘lashda yassi shkala joriy etish hisobidan qisqartiradigan soliq islohotini tayyorlash bilan shug‘ullanish.
Bunday soliq islohotini o‘tkazish uchun soliq tizimini isloh qilishning asosiy yo‘nalishlari bilan birga islohot o‘tkazishning ketma-ketligini taklif qiluvchi ekspertlar guruhini xalqaro maslahatchilarni jalb etish orqali shakllantirish zarur.
Mavjud soliq tizimiga nisbatan da’volarimga javoban ba’zi argumentlar va uni isloh qilish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqsak.
1-argument
Budjetning xarajatlar qismi bilan qanday yo‘l tutish lozim? Hozir soliq yuklarini qisqartirsak, budjetga tushumlar ham kamayib ketadi-ku. Ijtimoiy dasturlarimiz, pensiyalar, nafaqalar, ta’lim va sog‘liqni saqlash hamda boshqa chiqimlarni nima qilish kerak?
Bu juda muhim masala va u batafsil tahlil qilib chiqilishi lozim. Birinchidan, biznesga soliq yuklarini real qisqartirish, soliq tizimini soddalashtirish shubhasiz norasmiy biznesni legallashtirish va umuman tadbirkorlikni tezkor taraqqiy etishiga olib keladi. Natijada soliqqa tortish bazasi o‘sadi, tegishli tarzda budjetni to‘ldirish imkoniyatlari ham kengayadi.
Soliq islohotlari to‘g‘ri va boshqa iqtisodiy islohotlar bilan uyg‘unlikda o‘tkazilganda, budjet tushumlari, odatda oshadi va bu sezilarli darajada bo‘ladi.
Ikkinchidan, hatto birinchi bir-ikki yilda budjet tushumlari bir muncha qisqarsa ham, bu fojia emas. Budjetning chiqimlar qismini nimaning hisobidan qisqartirish mumkinligini ko‘rib chiqish lozim. U faqat ijtimoiy xarajatlardan iborat emas. Ehtimol, voz kechish yoki hech bo‘lmaganda bir-ikki yil amalga oshirmaslik mumkin bo‘lgan xarajatlar mavjuddir. Bundan tashqari, yetishmaydigan kirimlarni ichki zayom hisobidan qoplash mumkin. Hech bo‘lmaganda, “Soliq islohoti davrida budjetni qo‘llab-quvvatlovchi” maxsus zayom chiqarish mumkin.
Uchinchidan, shunchalik yuqori soliq yuki bilan nega budjet mablag‘lari taqchilligini boshdan kechirayotganimiz va uni qisqartira olmasligimizni tushunish lozim. Asosiy sabab — soliq imtiyozlarining juda ko‘pligi. Oxirgi vaqtlarda ularni taqdim etish yanada oshgandek. Soliq imtiyozlarini taqdim eta turib, o‘z-o‘zimizni og‘ir ahvolga solib qo‘yamiz. Soliq tizimi shundayki, soliqlarni umumo‘rnatilgan rejimda to‘lash imkonsiz: soliq imtiyozlarini bersak — budjet tushumlari yanada qisqaradi — soliq yuklarini kamaytira olmaymiz — yana ko‘proq soliq imtiyozlari beramiz... Va bu cheksiz davom etishi mumkin. Bu vaziyatdan qanday chiqib ketish mumkin? Faqat umumo‘rnatilgan rejimni tubdan isloh qilish va soliq imtiyozlaridan voz kechish orqali. Boshqa yo‘l yo‘q.
Aytgancha, imtiyozlarning yana bir zararli oqibati bor: raqobat muhitini izdan chiqarish. Imtiyozlarni qo‘lga kiritganlar uni olmaganlar oldida sezilarli ustunlikka erishadi. Oqibatda raqobat jihatdan ustunlikka ega bo‘lgan va cheklangan resurslardan yaxshiroq foydalangan korxona va sohalar emas, vaqtida “harakat qilgan”lar rivojlanadi. Oldini olib bo‘lmaydigan oqibat — iqtisodiyot raqobatbardoshligining past umumiy darajasi.
2-argument
Siz umumo‘rnatilgan tizimni xalqaro me’yorlarga keltirishni taklif qilayapsiz. Bizda u ularga mos. Barcha mamlakatlarda soliqlar daromaddan, mol-mulkdan, QQS va boshqalardan to‘lanadi. Stavkalar ham taxminan shunaqa.
Quyida Jahon banki ekspertlari tomonidan bajarilgan hisob-kitob keltirilgan. Unda shartli korxona uchun soliq yuklari hisob-kitobi — korxona u yoki bu mamlakatda soliqqa tortishning umumo‘rnatilgan rejimi doirasida shartli daromaddan qancha soliqlar to‘lashi foizlarda keltirilgan. Unda O‘zbekiston soliq yuki sobiq SSSRning boshqa mamlakatlaridagi yukdan ancha yuqori ekanligini ko‘rishimiz mumkin.
Gruziya — 16,5
Qozog‘iston — 28,6
Moldova — 31,2
Latviya — 36,6
Armaniston — 40
Litva — 43,7
Rossiya — 54,1
Ukraina — 55,4
Belarus — 60,7
Estoniya — 67,3
Qirg‘iziston — 68,9
Tojikiston — 84,5
O‘zbekiston — 98,5
2012-yildan so‘ng Jahon banki O‘zbekiston uchun soliq yukini soddalashtirilgan rejim bo‘yicha hisoblay boshladi, bizni umumo‘rnatilgan rejim qiziqtirganligi uchun 2012-yilgi ma’lumotlardan foydalanilmoqda.
Ehtimol, soliqlar va ularning stavkalari rasmiy nomlari xalqaro me’yorlarga mosdir, biroq negadir aynan bir xil soliqlar bo‘yicha soliq yuki bizda ancha balandroq. Balki, ular shunchaki bir xil nomlanar, to‘lash tamoyillari, soliqqa tortiluvchi baza, soliq to‘lovchilarning chegirmalar uchun imkoniyatlari — har xildir? Aks holda soliq yukidagi bunday farqni qanday tushuntirish mumkin? Mahalliy soliqlarni to‘lash tamoyillaridagi xalqaro amaliyotga nomuvofiqliklarni o‘rganish uchun mutaxassislar jiddiy ish olib borishi kerak.
3-argument
Siz dalil keltirayotgan G‘arb tajribasi O‘zbekistonga mos kelmaydi: Gruziya — juda kichkina davlat, Xitoy — juda katta, Boltiq mamlakatlariga Yevropa Ittifoqi yordam beradi, Qozog‘istonda neft ko‘p va h.k.
Unda qay bir davlatni O‘zbekiston bilan qiyoslash mumkin? Bu savolga javob topa olmadim. Bunday mamlakat yo‘q. Ya’ni biz shunchalik o‘ziga xos mamlakatmizki, bizni hech kim bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Bunday yondashuvga qo‘shilib bo‘lmaydi. Qolaversa, bir-biriga o‘xshamagan va turli-tuman mamlakatlarning soliqqa tortish tamoyillari ko‘pincha bir xil.
4-argument
Tadbirkorlar foydadan olinadigan soliqdan shikoyat qilmaydi, demak ular tadbirkorlarga xalaqit bermaydi.
Shikoyat qilmasligining sababi bizning soliq tizimimiz asosan past qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqaruvchi yoki ko‘proq import uskunalardan yig‘ish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga kun ko‘rish imkonini beradi — ularga uzun zanjir kerak emas. Ular savolga tutilmoqda: sizga foydadan olinadigan soliq xalaqit bermayaptimi? Ularga albatta xalaqit bermaydi. Xalaqit berishi mumkin bo‘lgan tadbirkorlar esa shunchaki yo‘q yoki ular juda oz. Ular bizning soliq tizimimiz bilan yuzaga kela olmaydi. Shuning uchun ularni savolga tutib ham bo‘lmaydi.
5-argument
QQS hisob-kitobi juda murakkab, korxonalar ularni to‘lashda chalkashib ketadi.
Birinchidan, qiyinchiliklar bo‘rttirib ko‘rsatilgan. Ko‘pchilik mamlakatlarda tadbirkorlar, jumladan, faoliyatini endi boshlaganlar ham QQSni to‘laydi va negadir chalkashib ketmaydi. Chamasi, to‘lov tizimi yaxshiroq ishlab chiqilgan, soliq organlari hisob-kitoblarga yaxshiroq yordam ko‘rsatadi. Nega boshqa mamlakatlarda tadbirkorlar QQSni to‘lay oladi, bizda esa bu shunchalik murakkab ekanligini o‘rganish va tushunish kerak.
Ikkinchidan, QQS uni barcha yoki deyarli barcha korxonalar to‘laganda va to‘lov jarayonida uzilishlar yuzaga kelmaganda ma’noga ega. Aks holda QQS foydadan olinadigan soliqqa aylanadi. Bizda esa QQSni ayrimlargina to‘laydi. Shuning uchun uni yo umumiy qilish yoki undan butunlay voz kechish lozim.
Uchinchidan, undan voz kechiladigan bo‘lsa, bu foydadan olinadigan soliq foydasiga emas (yuqorida keltirilgan sabablarga ko‘ra), balki chakana savdodan olinadigan soliq foydasiga (AQSh va Yaponiyada bo‘lgani kabi) amalga oshirilishi kerak. Yaxshiyamki, kassa apparatlari deyarli hamma joyda bor. Ana o‘shanda soliqchilarning asosiy vazifasi do‘konlar chek urayotganligini nazorat qilishdan iborat bo‘ladi.
6-argument
Mehnat uchun to‘lanadigan soliqlarni kamaytirsak ham, oylik hajmi oshmaydi, tadbirkorlar pullarni boshqa kanallardan, jumladan, dividendlar orqali olib chiqishga ko‘nikib qolgan. Ularni boshqacha yo‘l tutishga o‘rgatish qiyin.
Shuning uchun alohida soliqlarni pasaytirish emas, kompleks islohot zarur. Tizimli sabablarni aniqlash bo‘yicha ish olib borish zarur. Nega ko‘pchilik tadbirkorlar o‘z xodimlari mehnatiga haq to‘lashni mehnatga haq to‘lashning rasmiy jamg‘armasi orqali amalga oshirmaydi? Bu tahlildan kelib chiqib, soliqqa tortishning boshqa muammolarini ham hisobga olib, soliq tizimining alohida qismlarini emas, butun tizimni o‘zgartirish lozim.
Mavjud soliq tizimi qanday shakllangan? Uni kimdir maxsus o‘ylab chiqqanmi? Yo‘q, unday bo‘lmagan. Eski sovet tizimi bo‘lgan. Unga biroz o‘zgartirishlar kiritilgan, ba’zi yangi “chet el” soliqlari kiritilgan (QQS kabi). Keyin esa strategik vazifalarga e’tibor qaratilmasdan, joriy vazifalarni hal qilish uchun u “yamab borilgan”. Budjetda “kemtik joy” bormi — keling yangi soliqni joriy etamiz. Biznes soliq yukidan shikoyat qilayapti — soliqqa tortishning yangi rejimini o‘ylab chiqamiz, imtiyozlar beramiz, qaysidir toifalar yoki hatto alohida korxonalar uchun soliqqa tortish stavkalarini kamaytiramiz. Shu va shunga o‘xshash.
Hech qanday kompleks yondashuv bo‘lmagan. Soliq tizimiga bir butun organizm sifatida qarash, u yaxlitligicha (alohida soliqlar emas) iqtisodiyotni rivojlantirishga qanday ta’sir qilishi mumkinligini ko‘rib chiqishga hech qanday urinish ham amalga oshirilmagan. Oqibatda soliq tizimimiz shunchalik murakkablashtirilganligi, chalkashib ketgan, bir-birini takrorlovchi soliqlar, murakkablashtirilgan jarayonlar bilan to‘ldirib yuborilganki, uni qanday qilib asta-sekin isloh qilish mumkinligini tasavvur qila olmayman. Bundan tashqari, bu islohot boshqa iqtisodiy islohotlar: ma’muriy, valyuta, bank, pensiya, tashqi savdo va boshqa islohotlar bilan bog‘liq bo‘lishi lozim.
Asosiy muammo shundaki, tizimli islohotlar o‘tkazish uchun kimdir javobgarlikni zimmasiga olishi zarur.
Dastlab hech bo‘lmaganda soliq tizimimizning barcha farqli jihatlari va muammolarini atroflicha o‘rganib chiqish, ushbu muammolarning sabablarini aniqlash va isloh qilish yo‘li va ketma-ketligini belgilab olish zarur. Bu bilan mavjud soliq tizimi bilan “tug‘ishgandek bo‘lib ketgan” mansabdorlar emas mustaqil ekspertlar, jumladan, xalqaro ekspertlar shug‘ullanishi lozim. Unga “chetdan”, boshqa soliq tizimlari qanday amal qilayotganligini yaxshi biladigan kishilarning ko‘zi bilan qarash muhim.
Tizimli islohotni shu yil o‘tkazmasak ham mayli (vaqt ham yo‘q, kelgusi yil budjetini sahifalash va tasdiqlash lozim). Keling, hech bo‘lmaganda, keyingi yil islohotini tayyorlash uchun dastlabki ishlarni boshlaymiz. Shu yil ham birinchi qadamlarni tashlasak yomon bo‘lmasdi. Masalan, umumo‘rnatilgan rejim doirasidagi korxonalar uchun foydadan olinadigan soliqni (3,5 foiz) olib tashlash, daromad va infratuzilma soliqlarini birlashtirish, daromad solig‘i bo‘yicha soliqqa tortish uchun yassi shkala joriy etish va boshqalar. Shularning o‘zi ham soliq tizimimizdagi kamchiliklarning bir qismini bartaraf etish imkonini bergan bo‘lar edi.
Muallif fikri tahririyat fikri bilan mos kelmasligi mumkin.
Izoh (0)