Qozog‘istonda yuz bergan YTH oqibatida vafot etgan Abdurasul Mo‘minovning jasadi Namangan viloyati, Yangiqo‘rg‘on tumaniga keltirildi va dafn etildi. Bu haqda “Daryo”ga tuman hokimligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Marhumning jasadi 24-iyun, shanba kuni Farg‘ona aeroportidan mas’ul idoralar vakillari hamrohligida Zarbdor qishlog‘idagi “Yangiobod” mahallasiga keltirildi. Soat 19:00 da janoza o‘qildi va qabristonga qo‘yildi. Hokimlik tomonidan dafn marosimini tashkillash va o‘tkazish jarayonlarida amaliy yordam ko‘rsatildi.
“Yangiobod” MFY raisi Ahmadjon Xalilovning bildirishicha, 1984-yilda tug‘ilgan Abdurasul Mo‘minov o‘tgan yil oktabrida Rossiyaga, Krasnodar o‘lkasiga ishlash uchun yo‘l olgandi. Undan ikki farzand — bir o‘g‘il va bir qiz qoldi.
Shuningdek, Qozog‘istondagi YTH oqibatida jabrlangan yangiqo‘rg‘onlik yana bir fuqaro — “Qandiyon” mahallasida yashovchi, 1978-yilda tug‘ilgan Olimjon Nasipov travmatologik jarohatlar bilan Namangan shahridagi shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga joylashtirildi va zarur muolajalar ko‘rsatilmoqda.
Viloyatning Chust tumani hokimligi mutasaddilari ma’lum qilishicha, Qozog‘istondagi YTH oqibatida vafot etgan, 1981-yilda tug‘ilgan Qudratali Tursunovning jasadi ham Farg‘onadan keltirildi va 25-iyun, yakshanba kuni o‘zi tug‘ilib o‘sgan Sho‘rkent qishlog‘idagi “Qayirma” mahallasi qabristoniga qo‘yildi. Qudratali Tursunovdan ham ikki nafar farzand qoldi.
Izoh (0)